Poytaxtimizda suv tarmoqlari masofadan boshqarilmoqda
Ichimlik suvi masalasi insoniyat uchun global muammoga aylanib bormoqda. Bu esa mavjud chuchuk suv zaxiralaridan oqilona foydalanish, uning samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida yangi va zamonaviy loyihalarni hayotga tatbiq etishni talab etmoqda.
“O‘zsuvta’minot” AJ ichimlik suvi yetkazishni avtomatlashgan boshqaruv tizimiga o‘tkazish va shu orqali turli avariya va nosozliklarning oldini olish borasida qator loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Toshkent shahar suv ta’minoti" MCHJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida joriy yilda poytaxtimizda suv tarmoqlarini onlayn kuzatishga ixtisoslashgan dispetcherlik xizmati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu markazda quvurlardagi suv hajmi va bosimi nazorat qilib boriladi. Buning uchun esa Toshkent shahri bo‘ylab 300 dan ortiq datchiklar o‘rnatilgan bo‘lib, ular markazga avtomatik tarzda ma’lumot uzatadi. Qabul qilinayotgan axborotlar asosida markaz mutaxassislari qaror qabul qiladi. Masalan, biror-bir yirik quvurda bosim ortsa, unga kelayotgan suv hajmi kamaytiriladi. Ya’ni, nasoslar minimal ishlash tizimiga o‘tkaziladi. Shu bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarning oldi olinadi.
Ayni kunda Sergeli tumanining 3- va 5-mavzelaridagi nasoslarga ham avtomat boshqaruv datchiklari o‘rnatilmoqda.
"Toshkent shahar suv ta’minoti"da yo‘lga qo‘yilgan ushbu innovatsiya kelgusida boshqa hududlarda ommalashtiriladi.
O‘zA