Poytaxtimizda “Risola” hunarmandchilik uyi ochildi
Hunarmand xonadoni ruhini namoyish etuvchi «Risola» hunarmandchilik uyi 1960 yillarda qurilgan xushmanzara o‘zbek uyida joylashgan.
Hunarmandchilik uyida Markaziy Osiyoning 15 dan ortiq kulolchilik maktablari va Afg‘oniston kulolchiligini qamrab olgan kolleksiya namoyish etilgan muzey, an’anaviy kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qish ustaxonalari, O‘zbekistonning deyarli barcha markazlari namunalari o‘rin olgan kulolchilik buyumlari galereyasi, milliy taomlar va mehmon qabul qilish xonalari mavjud.
[gallery-25516]
«Risola» hunarmandchilik uyi turizm, hunarmandchilikni rivojlantirish hamda ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritadi. Shuningdek, kam ta’minlangan aholi qatlamlarini hunarga o‘rgatish orqali qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
«Risola» hunarmandchilik uyiga tashrif buyuruvchilar muzey va ustaxonalar bo‘ylab ekskursiya qilishlari, kulolchilik bo‘yicha mahorat darslari, jumladan, shakl yasash, sopol idishga naqsh chizish, hushtak o‘yinchoqlar yasashlari mumkin.
Kashtachilik, gilam to‘qish bo‘yicha mahorat darslarida ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.
Kulolchilik muzeyida O‘zbekistonning 15 dan ortiq kulolchilik markazlari va Afg‘oniston kulolchilik namunalari namoyish etilgan. Bu yerda kulolchilik tarixi, mamlakatning turli kulolchilik markazlari faoliyati hamda mazkur faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Narzullayevlar sulolasining 200 yillik tarixi bilan tanishish mumkin.
Gilam to‘qish ustaxonasida G‘ijduvonda qayta tiklanayotgan va rivojlantirilayotgan buxoro ipak gilamlari namunasi namoyish etilgan bo‘lib, bu jarayonga sulolaning yorqin vakili — Mahfuzabonu Narzullayeva rahbarlik qilmoqda.
Mehmonlarga ipak iplari va tabiiy bo‘yoqlardan foydalangan holda yog‘och dastgohda gilam to‘qish jarayoni namoyish etiladi. Shu bilan birga, hududdagi gilamchilik tarixi haqida ham ma’lumot beriladi.
Kashtachilik ustaxonasida G‘ijduvon kashtachiligi tarixi, uning o‘ziga xos jihatlari va texnikasi bilan tanishish mumkin. Shuningdek, ustalar «bosma» va «yurma» uslublardagi kashtachilik jarayonini namoyish etib berishadi.
Kulolchilik galereyasida O‘zbekistonning turli kulolchilik markazlari ustalari tomonidan yaratilgan asarlar ko‘rgazmasi joy olgan.
Gulnoza Boboyeva,
Rustam Nazarmatov,(surat)
O‘zA