Poytaxt hududlarida yoshlar muammolari o‘rganildi
Bugungi tezkor o‘zgarishlar va globallashuv davrida har bir davlatning iqtisodiy barqarorligi hamda ijtimoiy rivojlanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yosh avlodning salohiyatiga bog‘liqdir. Bitiruvchilarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularning bandligini ta’minlash va ta’lim integratsiyasi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, poytaxtimizda yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuvlar va ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Mirobod tumanida Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ishsiz yoshlar, maktab va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi. Muloqotda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, kasb-hunar egallashi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish, shuningdek, bitiruvchilarning kelgusidagi ta’lim va mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning murojaat va takliflari asosida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, yoshlar yetakchilari faoliyatini tizimli rivojlantirish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida yoshlar bilan ishlash jarayonlari, loyihalar doirasidagi ishlar va mavjud muammolar tahlil qilindi.

Jumladan, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, loyihalar doirasida yoshlar qamrovini kengaytirish, faoliyat samaradorligini yanada oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, yoshlar yetakchilariga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatilib, kelgusidagi faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha manzilli tavsiyalar berildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, yoshlar bilan ochiq muloqot — ularning muammolarini eshitish, imkoniyatlarini kengaytirish va kelajagi uchun amaliy yechimlarni belgilashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA