Poshshopirim qishlogʻida qudratli sinoat bor...
Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi Poshshopirim qishlogʻi nafaqat shirin anjirlari, balki tarixiy obidalari, ziyoratgohlari bilan ham mashhur.
Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi Poshshopirim qishlogʻi nafaqat shirin anjirlari, balki tarixiy obidalari, ziyoratgohlari bilan ham mashhur.Xalq tilida “Poshshopirim” ziyoratgohi deb tanilgan Shoh Muhammad ibn Jarir tarixiy obidasi devorlariga ishlangan dastlabki bezaklar VIII-IX asrlarga taalluqli boʻlib, birgina shu jihatning oʻzi ham bu qishloq nechogʻli qadimiy ekanligidan dalolatdir. Qishloqning oʻziga xos ramzi boʻlgan ziyoratgohning kirish qismida Temuriylar sulolasi qurdirgan maqbara saqlanib qolgan. Tarixiy maskan ichkarisida XIX asrga oid binolar bor. Yigirma bir metrli minora esa bir necha yuz yillar mobaynida eʼtiqodda sobit buvaydaliklar uchun pok iymon ramzi boʻlib kelmoqda.
Ziyoratgoh tarixini oʻrganish boʻyicha izlanishlar olib borgan buvaydalik jurnalist Sobirjon Otaboyevning aytishicha, bu tarixiy maskanning “Poshshopirim” deb nomlanishi Bibi Ubayda bilan bogʻliq. Muhammad ibn Jarirning buvisi boʻlgan Bibi Ubayda hamisha nabirasini “Poshshopirim” deya erkalatgan. Ezgu duo ijobat boʻlib uning ziyoratiga uzoq-yaqin yurtlar podsholari kelib turgan. Qoʻqon xoni Xudoyorxon ham ushbu tabarruk maskan ziyoratiga tez-tez kelib turgani haqida juda koʻp xotiralar saqlanib qolgan.
Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi, tarix fanlari nomzodi Bahriddin Usmonov ham XIV asrga taalluqli bu tarixiy obida Amir Temur avlodlaridan qolgan bebaho yodgorlik ekanini taʼkidlaydi.
Taʼbir joiz boʻlsa, mustaqillik yillarida “Poshshopirim” ziyoratgohiga ikkinchi umr baxsh etildi. Uning hududi har jihatdan kengaytirilib, sharqona uslubda yangi binolar, xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari qad rostladi. Ziyoratgoh atrofida oʻnlab savdo doʻkonlari, hunarmandlik rastalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Maʼlum boʻlishicha, Buvayda tumanidagi “Bandi Kushod buva”, “Bibi Ubayda”, “Poshshopirim”, “Baston buva” ziyoratgohlari bilan bogʻliq shaxslar hayotini islom dini rivojiga baxshida etgan yaqin qarindoshlardir. Bolalikdan Qurʼonni yod olgan, urushlarda sarkarda sifatida qatnashgan bu amakivachchalar tumanning bir-biriga qoʻshni qishloqlarida manguga qoʻnim topgan.
“Poshshopirim” MFY raisi Xursanali Saminov Buvayda tumanida xoki yotgan avliyolar dehqonchilik va hunarmandchilik sohasi piri boʻlganligi haqida ota-bobolaridan eshitgan rivoyatlarni maroq bilan soʻzlab berdi. Asrlar davomida avloddan-avlodga oʻtib sayqallanib kelayotgan bu anʼanalar bugungi kunda ham buvaydaliklar hayotiga fayz va baraka bagʻishlayapti.
– Mahallamizda istiqomat qiluvchi 4 mingdan ziyod aholi tadbirkorlik va dehqonchilik bilan mashgʻul, – deydi X.Saminov. – Qishlogʻimizda yetishtiriladigan guruch butun Oʻzbekistonda mashhur. Bogʻlarda sharbatga toʻlib pishadigan mevalar hamda tabiiy darmon dorilarga boy sabzavotlarimiz ham juda xaridorgir.
Qishloqda muntazam ravishda sport musobaqalarini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Ilm-maʼrifatga qiziqqan poshshopirimliklar kutubxona ham tashkil etdi. “Poshshopirim” ziyoratgohiga yoʻl moʻjazgina kutubxonadan boshlanadi. Bu yerda diniy qoʻllanmalar bilan birga, mumtoz va jahon adabiyotining eng noyob durdonalarini topish mumkin.
Tarixiy maskanda yashayotgan qishloq aholisining oʻzaro ahil-inoqligi sababli “Poshshopirim” mahalla fuqarolar yigʻinida 2018-yildan buyon birorta ham jinoyat qayd etilmadi. Bu yil “Obod qishloq” dasturi doirasida keng koʻlamli bunyodkorliklar rejalashtirilayotgani esa qishloq ahlini yangi yutuqlar koʻlamini yana-da kengaytirishga chorlamoqda.
Mamlakatlar oʻz fuqarolariga oʻxshaydi, degan ibora bor. Poshshopirimliklarning bir qarashda oddiy, vazmin va samimiy turmush tarzida ajdodlardan meros oriyat hamda salobat bordek tuyuladi. Kuchli ichki madaniyat bilan oʻzaro uygʻun boʻlgan bunday vazminlik zamirida yaratuvchanlik va bunyodkorlikning ulugʻ qudrati mujassamdir.