Porloq turkiy kelajak sari
Prezidentimizning bugungi nutqi Shri-Lanka gazetalarida chop etildi
Xabar berilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ostona shahriga tashrif buyurib, Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etib qaytdi.
Anjuman davomida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, xalqaro tuzilma miqyosida mavjud muammolarning oldini olish, birgalikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish, kelgusi istiqbolni belgilashga asoslangan qator taklif, tashabbuslarni ilgari surdi.
Ayni payt dunyoning ko‘plab davlatlari yetakchi axborot agentliklari Qozog‘iston poytaxtida o‘tgan nufuzli sammitga diqqat e’tiborini qaratgan. Jumladan, bir necha soat oldin Shri-Lankaning asosiy, nufuzli axborot organi – “Sri Lanka Guardian” onlayn gazetasida mamlakatimiz yetakchisining mazkur forumdagi nutqi e’lon qilindi.
Material sarlavhasi – “Porloq turkiy kelajak sari” deb nomlangan. Ahamiyatli jihati shundaki, endilikda Turkiy xalqlar birdamligi, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyati, azaliy qadriyatlarini butun jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Ko‘plab OAV tuzilmaning istiqbolini muhokama, mushohada qilayotgani quvonarli, albatta.
“Sri Lanka Guardian” 2007 yil avgust oyida mamlakatning bir guruh fuqarolari, jumladan, faol jurnalistlar, akademiklar, nafaqadagi davlat xizmatchilari tomonidan tashkil etilgan nashr. Ushbu portal hozir dunyo bo‘ylab yuzdan ziyod doimiy mualliflar uchun platforma hisoblanadi.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA