Pop tumanida o‘rganishlar olib borildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Pop tumanida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan bahorgi yumushlar, ekin maydonlari va tomorqalardan foydalanish, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tashkil etilgan “Yashil belbog‘” holati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganishlar Orom mahallasi hududidagi issiqxonalardan boshlandi.
Limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona kompleksining umumiy yer maydoni 81 gektar bo‘lib, 50 nafar tadbirkorga 1 gektardan hamda 29 nafar tadbirkorga 0,20 gektardan ajratib berilgan.
Viloyat rahbari ushbu issiqxonalardan foydalanish jarayonini o‘rgandi. Foydalanilmayotgan yerlarga tez fursatda limon ko‘chatlari, qator oralariga ekin ekish, suv muammosini bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.
Tumandagi “Orom 200 oila majmuasi”da esa quruvchi “Dunyo mega max” va “Pop agro tomorqa” MCHJlar tomonidan 2 sotixdan 100 dona yengil konstruksiyali issiqxona qurib bitkazilib, 200 fuqaroga 1 sotixdan foydalanish uchun topshirilgan.
Bir sotix yengil konstruksiyali issiqxona qiymati 5 million 730 ming so‘mni tashkil etib, har bir fuqaro uchun bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 million 230 ming so‘m ajratilgan. Qolgan qismi tijorat banklari tomonidan 3-yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kredit hisobiga qurib bitkazilgan.
Viloyat hokimi mazkur issiqxonalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Suv ta’minotini yaxshilash va dehqonlarga boshqa masalalarda ham ko‘maklashish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq hamda ko‘rsatmalar berdi.
Viloyati hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tumanda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tashkil etilgan “Yashil belbog‘” holati bilan ham yaqindan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, 4R-112 avtomobil yo‘lining Pop tumanidan o‘tuvchi 39 km uzunlikdagi chet qismida viloyatda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilotlarga ajratilgan yerlarda “Yashil belbog‘” barpo etilib, 640 mingdan ortiq ko‘chat ekilgan. Ko‘chatlar asosan o‘zlashtirilmagan hududlarga o‘tqazilib, 2 tonnadan 10 tonnagacha bo‘lgan suv idishlar o‘rnatildi va tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Viloyat rahbari bu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirib, masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Ishchi guruh tuman markazidan ancha olis, tog‘oldi hududida aholi bandligini ta’minlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni ham o‘rgandi.
Yaqinda Qo‘shminor mahallasida “OKMK Chodak Tekstil” MCHJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligidagi tikuvchilik fabrikasi faoliyat boshladi.
Tikuv sexining tashkil etilishi tumandagi “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 520 nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlash imkoniyatini yaratdi. Shu bilan birga, maskanda yiliga 1,2 million dona tayyor tikuv mahsuloti ishlab chiqarilib, eksport amalga oshiriladi. E’tiborlisi, ushbu loyiha doirasida mohir payvandchilar tayyorlash uchun ham o‘qish kurslari tashkil etiladi. Bunda kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan payvandchilarga xalqaro toifadagi maxsus sertifikatlar topshiriladi.
[gallery-17289]
Viloyati hokimi mazkur majmua faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ishchilar bilan suhbat qurdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA