Polshada Yangi O‘zbekiston islohotlariga bag‘ishlangan konferensiya
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar haqida xalqaro hamjamiyatga yetkazishda parlamentlararo aloqalar, ochiq muloqotlar va ekspertlik maydonlarining o‘rni muhim. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham xorijiy parlamentlar, ilmiy va ekspertlik doiralari bilan muloqotlarni rivojlantirib, mamlakatimizdagi islohotlarning mazmun-mohiyati va amaliy natijalarini xalqaro maydonda kengroq namoyon etishga intilmoqda. Ana shunday muloqotlarning navbatdagisi Varshava universitetida “Yangi O‘zbekiston islohotlari va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi” mavzusida o‘tkazildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Taraqqiyot strategiyasi markazi, O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi, Varshava universitetining siyosiy fanlar va xalqaro tadqiqotlar fakulteti, Aleksandr Kvasnevskiyning “Amicus Europae” jamg‘armasi hamda “Perspektywy” ta’lim jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada Polsha Respublikasining sobiq Prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy, Polsha Senati Vitse-marshali Mixal Tomash Kaminskiy, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, Varshava universiteti prorektori Matsey Ras, Taraqqiyot strategiyasi markazi direktori Eldor Tulyakov va boshqalar ma’ruza bilan ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston va Polsha davlat organlari va parlamentlari vakillari, diplomatlar, olimlar, ekspertlar, aql markazlari hamda OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonni barpo etish doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, ularning natijalari hamda mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Rahimjon Hakimov o‘z nutqida so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan islohotlar jamiyat, iqtisodiyot va davlat boshqaruvida chuqur o‘zgarishlarga olib kelganini alohida ta’kidladi. Xususan, majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani, valyuta konvertatsiyasi bo‘yicha cheklovlar olib tashlangani, harakatlanish erkinligini cheklab kelgan propiska tizimi bekor qilingani aytib o‘tildi. Shuningdek, parlamentning roli va nazorat vakolatlari kuchaytirilgani, mahalliy darajada ijro va vakillik hokimiyati o‘rtasidagi bo‘linish mustahkamlanib, hokimlarning 33 ta vakolati mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgani haqida ma’lumotlar berildi.
Qayd etilganidek, 2023-yilgi konstitutsiyaviy islohotlar inson huquq va erkinliklariga oid kafolatlarni sezilarli kengaytirdi. Konstitutsiyaviy islohot jarayonida fuqarolardan 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani, Konstitutsiya matnining 65 foizi jamoatchilik takliflari asosida yangilangani ta’kidlandi.

Konferensiyada O‘zbekistonning iqtisodiyot, investitsiya, ijtimoiy sohadagi yutuqlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 2016-yildagi 9 foizdan 42 foizdan ortiq darajaga yetdi.
Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yillikda inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ochiqlik siyosati, xalqaro maydondagi faol tashabbuskorlik tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Konferensiya O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi siyosiy, parlamentlararo, akademik va ekspertlik muloqotini rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lgani ta’kidlandi. O‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ekspertlar va ilmiy doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekistondagi islohotlar tajribasi bo‘yicha ochiq muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA