Polsha kompaniyalari bilan hamkorlik investitsiya imkoniyatlarini kengaytirmoqda
Mamlakatimizda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash hamda sohada investitsion faollikni oshirishga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyat kasb etadi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati tomonidan Polshaning yirik go‘sht va baliq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida tomonlar go‘sht va baliq mahsulotlari eksporti va importi bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotida.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish va sohada zamonaviy yondashuvlarni joriy etish muhim ekanini ta’kidladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA