"Politika": O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy loyihalarga aylantirish vaqti keldi
Serbiyaning “Politika” nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga kutilayotgan tashrifi arafasida ikki davlat munosabatlarining bugungi holati va hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan maqola chop etdi.
Мақолада икки давлат раҳбарларининг 2025 йил сентябрь ойида Пекиндаги учрашуви ҳамда Сербия Президенти Александр Вучичнинг 28–31 октябрь кунлари Ўзбекистонга амалга оширган биринчи расмий ташрифи муҳим воқеа сифатида кўрсатилган. Ташриф доирасида қатор давлатлараро ҳужжатлар имзоланиб, Белград ва Тошкент ўртасида шериклик муносабати ўрнатилгани қайд этилган.
Nashrda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati mavjud savdo ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori ekani ta’kidlangan. 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12 million dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Madinabonu Qayumovaning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich ikki davlat iqtisodiyotining haqiqiy imkoniyatini to‘liq aks ettirmaydi. O‘zbekistonda to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat sanoati va mashinasozlik rivojlanmoqda. Serbiya esa ishlab chiqarish sohasida katta tajribaga, Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatiga va erkin savdo to‘g‘risidagi keng tarmoqli kelishuvlarga ega. Bu imkoniyat ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish bilan birga, uchinchi mamlakatlar bozoriga yo‘naltirilgan qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ham asos bo‘lishi mumkin.
Maqolada hamkorlikning keyingi bosqichida O‘zbekiston eksporti turlarini kengaytirish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ulushini oshirish va savdo shartlarini yanada qulaylashtirish mexanizmlarini o‘rganish muhimligi qayd etilgan.
Serbiya nashri transport sohasini ham ikki davlat munosabatlarida amaliy ahamiyatga ega yo‘nalish sifatida ko‘rsatgan. Maqolada Toshkent va Belgrad o‘rtasida “Air Serbia” aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati tilga olingan. Muallifning qayd etishicha, bunday qatnov ishbilarmonlik, turizm va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Temiryo‘l aloqalarini rivojlantirish esa Markaziy Osiyo va Bolqon davlatlari o‘rtasidagi transport bog‘liqligini kuchaytirish imkoni sifatida baholangan. Mehnat migratsiyasi ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Maqolada O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish bo‘yicha tizim yaratgani va Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bu sohada 23 ta davlat bilan 48 ta kelishuv tuzilgani qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekistondagi 215 ta oliy ta’lim muassasasining Serbiya universitetlari bilan muhandislik, axborot texnologiyalari va amaliy fanlar bo‘yicha hamkorlik qilishi uchun imkoniyat mavjudligi ta’kidlangan. Qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari, talabalar almashinuvi va akademik hamkorlik uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishi mumkinligi bildirilgan.
Maqolaga ko‘ra, O‘zbekiston va Serbiya munosabatlarini noldan boshlashga hojat yo‘q. Siyosiy va institutsional asos allaqachon yaratilgan. Endi asosiy vazifa mavjud poydevorni ikki mamlakat korxonalari, tashkilotlari va fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan keng va faol sheriklikka aylantirishdan iborat.
“Politika” nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7–8-sentyabr kunlari Serbiyaga bo‘ladigan rasmiy tashrifi ana shu maqsadlar yo‘lida muhim qadam bo‘lishini alohida qayd etgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA