Pokistondagi teraktda olti kishi yaralandi
Pokiston g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva viloyatida sodir etilgan terror harakati natijasida olti kishi, jumladan uch nafar bola yaralandi.
Peshovar shahri maktablaridan biri yaqinida, yo‘l chetiga portlovchi qurilma o‘rnatilgan ekan. Rasmiylar aytishicha, yaralangan bolalar 7-10 yoshda, ikki nafarining ahvoli og‘ir.
Portlash to‘lqini ko‘plab transport vositalari va binolarga zarar yetkazgan.
Qayd etilishicha, to‘rt kilogramm portlovchi moddadan foydalangan jinoyatchilarni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot boshlangan.
Umuman, Xayber-Paxtunxva va Baluchiston viloyatlarida yil boshidan buyon terror ko‘lami kengaygan.
Islomobod bu jarayonni Pokiston Toliboni harakati Afg‘onistondan turib boshqarmoqda, deb hisoblaydi. Kobul esa ayblovni rad etmoqda.