Pokiston elchisi Surxondaryoda bo‘ldi
Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Ali Asad G‘iloniy boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo viloyatida bo‘lib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan yaqindan tanishdi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov elchi janoblari boshchigigidagi pokistonlik mehmonlarni qabul qildi. Uchrashuvda viloyat rahbari Surxondaryoning iqtisodiy, ijtimoiy, jug‘rofiy imkoniyatlari hamda o‘ziga xos investitsiyaviy xususiyatlari, qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik aloqalari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

Samimiy muloqot chog‘ida savdo-investitsiyaviy, ilm-fan, ta’lim va turizm sohalarida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Afg‘oniston hududi orqali Pokistonning dengiz portlariga chiqish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuvda Said Ali Asad G‘iloniy joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Pokiston hududlararo investitsiyaviy forumiga surxondaryolik ishbilarmonlarni ham taklif etdi.

Ikki kun davomida mehmonlar viloyatimizdagi ko‘plab sanoat korxonalarini ko‘zdan kechirdi. Tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qilib, qator turizm ob’ektlari bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA