Pokiston delegatsiyasi bilan uchrashuv
Bugun Markaziy saylov komissiyasida Pokiston Senatidagi Pokiston-O‘zbekiston do‘stlik guruhi raisi, senator Sarmad Ali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuzatuvchilaridan iborat jamoa bilan tashkil etilgan uchrashuvni MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev olib bordi.

Muloqot jarayonida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani, do‘stona munosabat samarasi o‘laroq o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, aloqalarni izchil rivojlantirib borish zarurligi qayd etildi.
Mehmonlar mamlakatimiz saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishar ekan, ayni yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. O‘tayotgan mazkur saylov ham xalqaro demokratik tamoyillarga to‘laqonli javob berishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlash joiz, kuzatuvchilar missiyasi va xorijiy delegatsiyalar vakillari turli hududlardagi saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovni o‘tkazish jarayonini bevosita kuzatib bormoqda.
O‘.Alimov,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA