Pokiston Bosh vaziri Turkiyaga boradi
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif 25 noyabr kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Turkiyaga boradi. Bu haqda Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu safar davomida Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
“Yetakchilar ikki tomonlama munosabatga oid keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha fikr almashadilar, mintaqadagi vaziyat va boshqa dolzarb xalqaro mavzularni muhokama qiladilar”, deyiladi axborotda.
Shahboz Sharif va Erdog‘an Turkiyaning “MILGEM” loyihasi asosida ishlab chiqarilgan “Ada” turidagi uchinchi korvetni Pokiston tomoniga topshirish marosimida ham qatnashadi.
Shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Savdo va taraqqiyot banki rahbari Yalchin Yuksel bilan uchrashuv ko‘zda tutilgan.
O‘zA