Podadan oldin chang chiqarmaslik kerak
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Shuhrat Abdurahmonovning sirli tashrifidan so‘ng, andijonlik jurnalistlar Prezidentga murojaat qilishdi” degan sarlavha ostida maqola tarqatildi.
Ochig‘i, ana shu maqola bilan tanishib, Andijonda faoliyat yuritayotgan bir jurnalist sifatida maqolani “podadan oldin chang chiqarish” deb tushundim. Unda masalaning asl mohiyati, gap nimada ekanligi so‘rab-surishtirilmasdan fikrlar bildirilgan.
Keling, gap nimada ekanligi, aslida nima bo‘lganligi haqida to‘xtalaylik. To‘g‘ri, viloyat hokimi tahririyatga kelganligi, tahririyat hovlisida qisqa vaqt bo‘lganligi rost. Chunki davlatimiz rahbari tomonidan 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyatlar markazlarida Prezident maktablarini barpo etish haqida topshiriq berdi. Yurtboshimizning ushbu xayrli tashabbusini butun xalqimiz olqishladi.
Ana shu topshiriqdan kelib chiqib, viloyat hokimi Prezident maktabi uchun joy tanlash, bu bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, xususan, shahar markazi bo‘lganligi uchun Andijon shahar hokimligi binosi o‘rnida Prezident maktabini barpo etish mumkinligini o‘rganish maqsadida Andijon shahar hokimligiga kelgan. Hokimlik bilan bir devor qo‘shni bo‘lgan tahririyat hududini ham ko‘zdan kechirib chiqib ketgan.
Bo‘lgan gap shu. Menimcha, viloyat hokimi tashrifining boshqa hech qanday sirli joyi yo‘q.
Lekin ayrim “vahimachi”lar tahririyat binosi buzilar ekan, jamoa ko‘chada qolar ekan, degan gaplar tarqatib, hatto jamoa nomidan ijtimoiy tarmoqlarga xabar tarqatgan. Axir, na hokimiyat, na boshqa bir tashkilot kelib, tahririyat binosi buziladi, deb aytmagan bo‘lsa, nima uchun, nimaga asoslanib, bunday xabar tarqatilganligini qanday atash mumkin? Menimcha, farazu mish-mishlarga tayanib, masalaning mohiyatini so‘rab-surishtirmasdan, o‘rganmasdan, gap nimada ekanligini bilmasdan fikr bildirilishi to‘g‘ri yo‘l emas.
O‘rganishlardan so‘ng berilgan takliflar ma’qullanib, ehtimol shahar hokimligi o‘rnida Prezident maktabi qurilar, balki, “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” tahririyatlari binosi ham buzilishi mumkindir. Bu esa tahririyatlar ko‘chada qoladi, degani emasku.
Viloyat hokimligi o‘zi muassisligidagi gazetalar jamoalarini binosiz, ko‘chada qoldirishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, tahririyat binosi jurnalistlar, umuman, ijod ahli uchun qadrdon maskanga aylangan. Lekin uning barpo etilganiga qariyb yarim asr bo‘ldi. Mabodo, bino buzilgan taqdirda ham tahririyat uchun shaharsozlik va bugungi kun talablari asosida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi bino qurib berilishiga aslo shubha yo‘q.
Qisqasi, yuqoridagi kabi asossiz axborot tarqatilganligini shaxsan men oqlamayman. Viloyat hokimligi viloyatimizning bosh nashrlari jamoasini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Ayniqsa, bugungi kunda iqtisodiy jihatdan o‘ta og‘ir davrni boshidan o‘tkazayotgan tahririyatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tirajini oshirish, umuman, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur ko‘makni berishiga ishonaman.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA