Pochta jo‘natmalari 1-2 kunda yetkazib berilyapti
Avval pochta jo‘natmalari eng chekka hududda yashovchi aholiga 6-8 kunda borgan, endi esa 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.
Eng qadimiy aloqa vositasi hisoblangan pochta yo‘nalishida keyingi payt qator muammolar ko‘zga tashlanib qolgan edi. Ayni masalalarni hal qilish, mavjud kamchiliklarni tuzatish, sohani bugungi kun talabi darajasiga ko‘tarish maqsadida 2020 yil 14 dekabrda Prezidentimizning “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Pochta aloqasi xizmati va logistikasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Mirza Matyoqubov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
- 2021 yil “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini transformatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Ish faoliyatini “raqamlashtirish”, shuningdek, pochta va kurerlik xizmati ko‘lamini kengaytirish, elektron tijorat, bank va davlat xizmati ko‘rsatishni joriy etish bo‘yicha “O‘zbekiston pochtasi”ning mavjud axborot tizimi yangilandi.
Qabul qilish va pul o‘tkazmasi bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yangilanib, “AVVAL” brendi ostida ishga tushirildi. Loyihaning mobil ilovasi yaratildi. Hozir mazkur tizim orqali 60 turdan ziyod to‘lov qabul qilinyapti. Pochtachilar mingta mobil qurilma bilan ta’minlandi. Endi ular o‘z hududida aholiga onlayn xizmat ko‘rsatishi, ya’ni odamlar to‘lovni uyidan chiqmasdan onlayn amalga oshirishi mumkin.
Bundan tashqari an’anaviy pochta xizmatini takomillashtirish, sohani raqamlashtirish, jo‘natmani qabul qilish, saralash, onlayn rejimda kuzatib borish va yetkazish jarayoniga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish maqsadida “Pochta xizmati ko‘rsatish jarayonini avtomatlashtirish tizimi” ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
Chekka hududlarda yashovchi aholining bank xizmatidan foydalanishida qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida hududlardagi 750 dan ortiq pochta aloqasi ob’ektida bank xizmati, jumladan, bank kartasini mablag‘ bilan to‘ldirish, pulni naqdlashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Alohida ta’kidlash o‘rinli, bugun respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholi uchun 930 ga yaqin pochta-aloqa ob’ektida 30 turdan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Oddiy tilda aytganda, endi yurtdoshlarimiz davlat yoki bank xizmatidan foydalanish uchun tuman markaziga borishi shart emas, o‘zlariga eng yaqin pochta bo‘limiga kirishsa kifoya.
“Gibrid pochta” tizimi takomillashtirilib, Yagona milliy tizim joriy etildi. Gibrid pochta xizmatining afzalligi shundaki, tashkilot va muassasalar pochta jo‘natmasini xatjildga solish, konvert ustiga marka yopishtirish, oluvchining manzilini yozish va pochtaga olib borib berish kabi yumushlardan xalos bo‘ldi. Endi davlat idoralari mas’ul vakili ish joyida turib xatni elektron shaklda yuboradi. Oluvchining manziliga xizmat ko‘rsatadigan tuman yoki shahardagi pochta aloqasi bog‘lamasi maktubni qog‘oz ko‘rinishida chop etib, manzilga yetkazadi. Tabiiyki, bunda vaqt sezilarli darajada tejaladi.
bugungi kunda yuzdan ortiq davlat organi ushbu xizmatdan foydalanmoqda. Gibrid pochta jo‘natmasi miqdori 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 2 barobar ko‘payib, 3.9 million donani tashkil etdi.
Pochta almashinuvini amalga oshirishda foydalaniladigan avtomobil-transport parki yangilandi. Buning uchun 110 donadan ko‘proq katta va kichik hajmli yuk tashuvchi avtotransport vositasi xarid qilindi. Natijada magistral va viloyat ichki pochta almashinuvi soni ortdi.
Pochta aloqasi xizmatidan kontaktsiz va kun-tun foydalanish imkonini beradigan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan pochtamat xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday uskunalar aholi gavjum joylar - yirik savdo markazlari, oliy o‘quv yurtlari va pochta aloqasi ob’ektlariga o‘rnatilgan.
Endilikda fuqaro, xohishiga ko‘ra, pochtani adresat uyiga yubormasdan, pochtamat manzili bo‘yicha jo‘natishi ham mumkin. Bunda jo‘natmaning xavfsizligi ta’minlanadi. Oluvchi pochtani o‘zi istagan vaqt pochtamatdan qabul qiladi. Boshqacha aytganda, pochta aloqasi xizmatidan kontaksiz foydalanish imkoni ham yaratildi.
Barcha pochta aloqasi ob’ektlari zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Aholiga qulaylik yaratish hamda xizmat sifatini yanada yaxshilash uchun 3 ta tuman pochta aloqasi bog‘lamasi va 54 ta pochta aloqasi bo‘limi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari har bir viloyatdan 3 tadan - jami 42 ta tuman namuna sifatida tanlab olinib, shu hududlarda pochta aloqasi tizimini rivojlantirish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha ish olib borildi. Xususan, xizmat nuqtalarini odamlarga yaqinlashtirish maqsadida tashkil etilgan 14 ta mobil aloqa bo‘limi xodimlari endi aholining yashash manziliga, xonadonlarga borib, o‘sha joyning o‘zida pochta aloqasi xizmatini ko‘rsatmoqda.
Muhimi, “O‘zbekiston pochtasi” AJ faoliyatini yanada takomillashtirish, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, xizmat sifatini yaxshilash va yangi xizmat turlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar muntazam davom ettiriladi. Qishloqlarda joylashgan pochta bo‘limlari faoliyati samaradorligini oshirish, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun davlat, bank va boshqa xizmatlar ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi. Pochta va kurerlik xizmati sifati yaxshilanadi,xizmat turlari ko‘paytiriladi. Elektron tijorat tizimini rivojlantirish uchun zarur bo‘ladigan logistik infrastruktura takomillashtiriladi.
Go‘zal Sattorova yozib oldi,
O‘zA