PM2.5 dispers zarrachalaridan qanday himoyalanish mumkin?
So‘nggi vaqtlarda Toshkent havosi tarkibida PM2.5 dispers zarrachalari me’yoridan bir necha o‘n barobar ko‘paygani aytilmoqda. Atmosfera havosining bunday ifloslanishi inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, atmosfera havosidagi muallaq zarrachalar – RM2,5 zarrachalar nafas yo‘lidan o‘tuvchi zarrachalar bo‘lib, ular hujayra membranalariga kirib borish qobiliyatiga ega. Gaz almashinuvi sodir bo‘ladigan alveolalar va o‘pka kapillyarlariga, tizimli qon oqimiga, turli organlarga kirib, to‘qimalarning hujayralariga bevosita mahalliy ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, ularning organlar va to‘qimalarda surunkali to‘planishi xavfi mavjud. Uning uzoq muddatli ta’siri natijasida allergiya kasalliklari rivojlanadi va insonning umr ko‘rish davomiyligi pasayadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati PM2.5 dispers zarrachalaridan himoyalanish uchun xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turish kerakligini eslatmoqda. Boisi, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xonaga nam sochiqlarni osib qo‘yish mumkin.
Derazalarni yopiq holda saqlash, ayniqsa, kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yopish zarur.
Ko‘proq suv ichish, ochiq havoda harakat qilishni cheklash, tez-tez dush qabul qilish tavsiya etilmoqda. Ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach, bu jarayon nafas olishni yengillashtiradi.
Albatta, og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib tashlash, nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalanishlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarur.
Ko‘zlarni yuvish lozim. Linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.
M.Qosimova, O‘zA