Plastik kartadan pullarni o‘g‘irlagan shaxs aniqlandi
Noma’lum shaxs tomonidan 2022 yilning 25 noyabr kunidan 6 dekabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Buxoro viloyati Shofirkon tumani Vardonze mahallasida yashovchi, 1945 yilda tug‘ilgan fuqaro R.S. va yana 9 nafar fuqarolarning plastik kartasidan jami 18 million 218 ming so‘m pullar yashirin ravishda talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK. ning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Shofirkon tumani Bog‘iafzal mahallasida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro I.U. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlangan. Hozirgi kunda ushbu shaxsning xuddi shu turdagi boshqa fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA