Piyodalar xavfsizligi ta’minlandi
Buxoro tumanidagi Galaosiyo dehqon bozoriga tutash M-Z7 “Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 258,5 km qismida piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilib, foydalanishga topshirildi.
Keyingi paytda Buxoro tumani markazi, Galaosiyo shaharchasidan o‘tgan asosiy yo‘l, ya’ni M-37 rusumli avtomagistralida avtomashina va texnikalar harakatidan tirbandlik tez-tez ko‘zga tashlanardi. Bu hol nafaqat transport haydovchilari, balki shu yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalar uchun ham katta tashvishga aylanayotgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yerda joriy yil iyun oyida piyodalar yer osti o‘tish yo‘li qurilishi boshlangan edi.
Umumiy qiymati 9,1 milliard so‘mdan iborat inshoot o‘z navbatida aholiga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.
[gallery-15227]
Yerosti o‘tish yo‘lining uzunligi 40 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrdan iborat. Inshootni loyihalashtirish va ro‘yobga chiqarishda buyurtmachi tashkilot “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi hamda bosh pudratchi “Farovon yo‘l servis” MCHJ jamoasi alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
–-Har kuni shu yo‘ldan ishga o‘tib-qaytamiz, bolalarimiz maktab, bog‘chasiga qatnaydi, –deydi mahalliy yo‘lovchilardan Mubina Safoyeva hamda Ruqiya Amonovalar. –Ammo keyingi bir necha oyda yo‘ldan o‘tish nihoyatda qiyinlashdi. Hushyor va ehtiyotkor bo‘lmagan odam yo‘l-transport hodisasiga uchramasligiga hech qanday kafolat yo‘q edi. Nihoyat, bu yerda piyodalar yerosti yo‘li qurib bitkazilgani ko‘nglimizga xotirjamlik bag‘ishladi. Shaharga kiraverishda “Karvon” buyum bozorida, undan so‘ng Rabotak aholi punktida zamonaviy uslubda xuddi shunday yerosti o‘tish yo‘li barpo qilinganini ko‘rib, rosa havas qilgandik. Ana endi bizda ham shunday ko‘rkam yer osti tunneli qurib ishga tushirilgani ayni muddao bo‘ldi. Muhimi, katta yo‘lni kesib o‘tishda cho‘chimaymiz va ortiqcha qiynalmaymiz.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaropov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari