Piskentda "chillaki" uzum g‘arq pishgan palla
Toshkent viloyati Piskent tumanidagi mirishkor bog‘bonlar, ayniqsa, "Mingtepa"ning bog‘-rog‘lari haqida eshitmagan inson bo‘lmasa kerak. Sababi, tarixi 2 yarim ming yillarga borib taqaladigan tumanda o‘troq yashagan odamlar yer bilan tillashishda o‘ziga xos tajriba, maktab yaratgan.
Ayni paytda tumanning “Mingtepa”, “Bekobod”, “Yangiobod” va “Birlik” mahallalarida deyarli har bir xonadonda so‘ritoklarda uzum yetishtiriladi.
“Mingtepa”ning ertapishar “chillaki”, “oq chillaki”lari, shiraga to‘lib, qishgacha saqlanadigan “husayni”, “kadi husayni”lari, g‘oyat xushta’m, mayizbop “shivilg‘oni” (kishmish)lari nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham xaridorlariga ega. Ayniqsa, yoz kunlari “Mingtepa”ga kirib borishingiz bilan ko‘chaning ikki yuzidagi tokzorlarga qarab, ko‘zingiz quvnaydi. Hozir ham Piskentda chillaki g‘arq pishgan.

Mazkur hududdagi aholi tomorqalarida 200 gektardan ortiq maydonda uzum yetishtirilyapti. Bog‘dorchilik sabab, oilalar farovon, moddiy ta’minoti yetarli, kishilar ish bilan band bo‘lmoqda.
A.Musayev, O‘zA