Piskent tumanida yangi bog‘lar barpo etilmoqda
Toshkent viloyati Piskent tumani hokimining tegishli farmoyishi asosida bahor mavsumida ko‘kalamzorlashtirish, mevali bog‘lar barpo etish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tuman hududidagi bog‘larning sifati, hosildorligi Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Samarasiz foydalanilayotgan 107 gektar maydon aniqlanib, kamhosil bog‘larni yangi, serhosil navlar bilan to‘ldirish borasida bog‘dorchilik xo‘jaliklariga zarur tavsiyalar berildi.
Joriy yil tumanda 660,2 gektarda intensiv bog‘, 90 gektar anor bog‘, 107 gektar maydonda uzumzor yaratish rejalashtirilgan. Maqsad sifatli va serhosil meva-sabzavot yetishtirish, aholi ehtiyojlari va eksport mahsulotlarini ko‘paytirishdir.
Xususan, “Piskent Sharq agro” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan amaliy seminarda yuqoridagi loyihalar muhokama etildi. Seminarda tuman hokimi o‘rinbosari M.Abdurahmonov, hokim maslahatchisi H.Karimov, agrar soha mas’ullari, fermerlar, tajribali bog‘bonlar ishtirok etdi.

Asosiy e’tibor yangi bog‘larga 7 foizli kredit asosida sifatli ko‘chatlar yetkazib berilishiga qaratildi.
– Yerning har qarichidan samarali foydalanish bo‘yicha vodiyning o‘ziga xos tajribasi bor, – deydi tuman hokimi maslahatchisi Hayotxon Karimov. – Shu sababli piskentlik bog‘bonlar Farg‘ona viloyatining Quva tumani bilan ko‘chat yetkazib berish va tajriba almashish bo‘yicha foydali kelishuvlar tuzilgan. Bugun Quvadan 7 ming 500 tup 7 xil mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari keltirildi. Bundan tashqari, fermerlar va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarni Farg‘ona viloyatiga tajriba almashish maqsadida sayohati ham uyushtirilmoqda. Ular vodiyning mevali bog‘lari va ko‘chatchilik tajribasidan boxabar bo‘lishi va tumanda bog‘dorchilikka tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Tahlillarga ko‘ra, Piskent tumanida 479,5 gektar zamonaviy usulda barpo etilgan intensiv bog‘lar bor. 2020 yilda 134 gektar yangi intensiv bog‘lar tashkil qilindi. Hozirgi kunda tumanda lalmi yer maydonlarini o‘zlashtirish maqsadida daraxtzorlarga ham tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etilmoqda.
A. Musayev, O‘zA