Pirotexnika vositalariga yo‘q deymiz
Bayram kunlarida ko‘cha-ko‘yda turli pirotexnika vositalarining yoqimsiz shovqini avj ola boshlaydi. Quloqni qomatga keltiradigan bu mahsulotlar oqibatida esa turli ko‘ngilsizliklar, ayanchli holatlar ham kuzatilishi bor gap.
Yurtimizda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramay ayrim “uddaburon”lar bayram bahona mo‘may daromad orttirishni ko‘zlab, pirotexnika vositalari savdosiga o‘zini uradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyatining Chortoq tumani sudida ana shunday shaxslarning qilmishlariga qonuniy chora ko‘rildi. Xususan, 2003 yilda tug‘ilgan N. A. 2022 yil 10 dekabr kuni tumanning Oyqiron mahallasi hududida 40 qutidan iborat pirotexnika vositalarini sotish maqsadida olib ketayotganda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Yoki yana bir holatda 2001 yilda tug‘ilgan A. S. chet davlatda ishlab chiqarilgan ikki turdagi, noqonuniy tarzda mamlakatimiz hududiga olib kirilgan, ko‘p miqdordagi pirotexnika vositalarini saqlab kelayotgani aniqlangan.
– O‘tkazilgan ochiq sud majlisida to‘g‘ri yo‘ldan adashgan huquqbuzarlarning ko‘rsatmalari va guvohlarning so‘zlari eshitilib, pirotexnika vositalarini sotish va saqlash bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudining raisi Ibrohim Jabbarov. – Ashyoviy dalil sifatida olingan pirotexnika vositalari esa yo‘q qilindi. Biz bir lahzalik ko‘ngilxushlik sabab yomon oqibatlar ro‘y bermasligi tarafdorimiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA