Pirotexnika vositalari ushlandi
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tezkor kuzatuvga olingan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Ohangaron tumanidagi “Chinor” YPX maskanida to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda xorijda ishlab chiqarilgan va tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 97 mln. so‘mlik jami 193 ming 800 dona “Britanik” nomli pirotexnika mahsuloti borligi aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda 43 mln so‘mlik jami 86 ming 400 dona “Britanik” nomli pirotexnika mahsuloti borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri