Pirotexnika vositalari savdosining oldi olindi
Yangi yil arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanish ortadi. Ammo "zavq” ortidan tashvishli va hattoki qayg‘uli holatlar sodir bo‘lishi, bolalar aziyat chekishi, og‘ir jarohat olishi yoki butun umrga nogironlikka uchrashi mumkin.
Shu bois mamlakatimizda bu kabi vositalarni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Pirotexnika buyumlari muomalasi bo‘yicha samarali davlat nazorati o‘rnatilishi fuqarolar salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim.
Ayrim toifadagi shaxslar qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu normalarni mensimay, yangi yil yaqinlashgani sayin pirotexnika vositalarini respublikamizga olib kirishga urinmoqda.
Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Asosan, chegara hududlarida, markaziy dexqon va buyum bozorlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, umumta’lim maktablari, mahallalar, jamoat joylarida pirotexnika buyumlari noqonuniy muomalasining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish, reyd tadbirlari uyushtirilmoqda.
Kosonsoy tumanidagi “Bog‘ishamol-1” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Oltin meros” ko‘chasidagi xonadonlardan birida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan H.K.ning yashash xonadoni oldida turgan avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, mazkur transport vositasidan qiymati 6 million 900 ming so‘m bo‘lgan 460 ta qutida jami 27 ming 600 dona “Britanik” nomli protexnika vositasi olindi.
Ushbu holat yuzasidan 18 yoshli fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasi bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA