Pilla topshirish boshlandi
Surxondaryo viloyati pillakorlari joriy yil hosili uchun parvarishlangan ipak qurtidan yetishtirilgan pilla hosilini yig‘ishtirib olib, qabul shoxobchalariga topshirmoqda.
Bu yil vohaning Angor tumanida 3 ming 58 quti ipak qurti parvarishlandi. Ayni paytda yetishtirilgan mo‘l hosil yig‘ib olinmoqda.

Tumanning Zartepa mahallasida yashaydigan mohir pillakor Shahnoza Xolmirzayeva turmush o‘rtog‘i bilan 15 quti ipak qurtini boqib, salmoqli hosil to‘pladi. Shu kunlarda pilla xom ashyosi yig‘ib olinib, peshma-pesh qabul shoxobchasiga yetkazib berilmoqda. Tajribali pillakor oila qabul maskaniga 900 kilogrammdan ortiq sifatli pilla topshiradi.


Joriy yil bahorgi mavsumda angorlik pillakorlar 184 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo yig‘ib olishni mo‘ljallamoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri