Pilla qurtichalik himmating yo‘qmi?..
Kundalik hayotimizda muhim ahamiyatga ega “Yetti xazina” sir-sinoatlarini ko‘pchilik bilmaydi.
Kundalik hayotimizda muhim ahamiyatga ega “Yetti xazina” sir-sinoatlarini ko‘pchilik bilmaydi.
Pilla yetishtirishda o‘ziga xos maktab yaratayotgan buxorolik zahmatkash insonlar Baxtiyor Jo‘raev, Akmal G‘oyibov va Ixtiyor Bozorovlarning “Pillachilikda innovatsion rivojlanish usullarini joriy etish va tutzorlardan samarali foydalanishning ilg‘or agrotexnikasi bo‘yicha qo‘llanma“ kitobini o‘qib, bu borada tasavvurim yanada boyidi.
Yetti xazina hisoblanmish – sigir, tovuq, asalari, ipak qurti, objuvoz (moyjuvoz), tegirmon va o‘rmon boyliklari, insoniyatga rizqu-ro‘z ulashuvchi noyob mo‘jiza hamdir.
Pilla yetishtirish texnologiyasi shu paytga qadar ibtidoiy ko‘rinishda tashkil etilgani sir emas. Mana bir necha yildirki, yurtimiz pillakorlari yilda to‘rt marotaba hosil yetishtirib, sezilarli zafarlarni qo‘lga kiritib, dunyo miqyosida nufuzli o‘ringa ko‘tarilmoqda.
Kitob mualliflaridan Baxtiyor Jo‘raev ”Do‘stlik“ ordeni sohibi, Buxorodagi “Brilliant silk” korxonasi asoschilaridan biri u va ayni paytda korxona rahbari, pilla yetishtirish texnologiyasi bo‘yicha tajribali mutaxassis.
Kitob qishloq xo‘jalik xodimlari, pillachilik sohasidagi agronomlar, kelgusida pilla yetishtirib bundan daromad ko‘rishni istayotgan kasanachilar, barcha sohaga qiziquvchi insonlarga muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
U asosan “Pillachilik sohasida tut plantatsiyalarini tashkil etish, innovatsion usulda ipak qurtini boqish, unda uchraydigan turli kasalliklar va zararkunandalar hamda ularga qarshi kurashish usullari“ va ”Tutzor qator oralaridan samarali foydalanishning ilg‘or agrotexnikasi bo‘yicha tavsiyalar” deb nomlangan boblardan iborat.
Qadimiy manbalarda ipak qurti ta’rifi chindan-da, ulug‘lanadi. Hazrat Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari esa ipak qurtining nechog‘li qadrli ekanini anglatadi.
Urug‘ yerga tushib, chechak bo‘ldi,
Qurt jondan kechib, ipak bo‘ldi,
Lola tuxumichalik g‘ayrating yo‘qmi?
Ipak qurtichalik himmating yo‘qmi?
Kitobda tutzorlardan foydalanish, uni yetishtirish texnologiyasi, yangi texnologiya issiqxonalarda tuman hosil usulida yozda tutning bargli qalamchasidan ko‘chat yetishtirish, tut ipak qurti boqishda o‘tkazilishi zarur bo‘lgan sanitariya-profilaktika tadbirlari va inkubatsiyani to‘g‘ri tashkil etish, ipak qurtida uchraydigan turli kasalliklar va uning oldini olish, ko‘p yillik tut daraxtlariga shikast yetkazuvchi zararkunandalar, tutzor oralaridan unumli foydalanishda, qo‘shimcha ekinlar ekish, yuzasidan bir qator amaliy tavsiyalar berilgan.
Bu borada Buxorolik pillakorlarning ish tajribasi esa mamlakatimiz soha xodimlariga o‘rnak bo‘larli.
Qadimda esa buxorolik savdogarlar pilla yetishtirishdan unumli foydalanib, jahon bozoriga Buxoroda tayyorlangan ipak matolari chiqarganlari va u Buxoro brendi sifatida ”Zindani ipak” deb nomlanganini inobatga olsak, qadimda o‘zining qorako‘l terilari bilan jahonni lol qoldirgan buxoroliklar ipak mato tayyorlashda ham maktabga ega ekani namoyon bo‘ladi.
— Yakunlanayotgan yilda 4 mavsumda 382,3 tonna pilla yetishtirilib, Xitoy texnologiyasi to‘liq o‘zlashtirildi. Eksperiment tarzida 4 ming quti urug‘lik tayyorlandi. 4000 qator tutning ”Marhamat“ navi ekildi. 0,7 gektarlik “Marhamat-2017 “ intensiv tutzor tashkil etildi.
G‘ijduvon erkin iqtisodiy zonasida analogi yo‘q tut bargidan choy yetishtirilayapti. Kelgusida ishga tushirilajak G‘ijduvon pillakashlik fabrikasida esa 400 ishchi o‘rni yaratilayapti. Pilla yetishtirish texnologiyasining o‘zlashtirilishi, umuman, pilla yetishtirishdagi yutuqlarimiz xalqimizni ish balan ta’minlash, ro‘zg‘origa baraka keltirishda asosiy omil bo‘layapti. Bundan quvonish, tashabbuskorlarni, soha mehnatkashlarini esa qo‘llab-quvvatlash kerak,— deydi G‘ijduvon tumanidagi “Agropilla” MChJ rahbari Valijon Majidov.
O‘ljaboy Qarshiev