Peti: JChni asosiy mezon qilish Kvaratsxeliyaga nisbatan adolatsizlik
Fransiyalik sobiq futbolchining fikricha, individual sovrin sohibini aniqlashda Jahon chempionatidagi natijalarga haddan tashqari katta ahamiyat berish to‘g‘ri emas.
"Arsenal"ning sobiq futbolchisi Emmanuel Peti "PSJ" vingeri Xvicha Kvaratsxeliyaning "Oltin to‘p" uchun imkoniyatlarini baholadi.
Fransiyalik sobiq futbolchining fikricha, individual sovrin sohibini aniqlashda Jahon chempionatidagi natijalarga haddan tashqari katta ahamiyat berish to‘g‘ri emas. Chunki bu kuchli terma jamoalarda o‘ynamaydigan yuqori saviyali futbolchilarning imkoniyatlarini kamaytiradi.
"Agar Jahon chempionatini "Oltin to‘p" sohibini aniqlashdagi asosiy mezon sifatida olsak, bu Xvicha kabi futbolchilarga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi.
Kvaratsxeliya Gruziya bilan hech qachon jahon chempioni bo‘lmasligi mumkin. Ehtimol, u terma jamoa miqyosida katta sovrin qo‘lga kirita olmagan futbolchilar qatorida qoladi. Chunki buning uchun uning atrofida yetarli darajadagi jamoadoshlar bo‘lmasligi mumkin", — dedi Peti.
Shunga qaramay, Kvaratsxeliya klub miqyosida yuqori natijalarga erishdi. Gruziyalik futbolchi o‘tgan mavsumda "PSJ" bilan Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi va Chempionlar ligasida ham bosh sovringa ega chiqdi.