Peruda yana bir yangi prezident tayinlanadi
Kongressmen Fransisko Sagasti ovoz berish natijalariga ko‘ra, Peru kongressi rahbari etib saylandi. Bu unga vaqtincha mamlakat prezidenti o‘rnini egallash huquqini beradi.
Kongres birinchi vitse-spikeri lavozimiga Mirta Vaskes saylandi. Endi Sagasti davlat rahbarligiga o‘tishi bilan Vaskes kongressga boshliq bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan shoshilinch majlisda Peru kongressi mamlakatning yangi prezidentini saylash bo‘yicha bir qarorga kela olmadi. Eslatib o‘tish joiz, yig‘ilishga davlat rahbarligi uchun boshqa nomzodlar taqdim etilgandi.
Majlisda parlamentning yangi rahbariyati uchun 97 kongressmen yoqlab ovoz berdi, 26 kishi qarshi chiqdi, betaraflar bo‘lmadi.
Ikki kun oldin atigi bir necha kungina Peru prezidenti kursisida o‘tirgan Manuel Merinoning muvaqqat hukumati hukumatga qarshi norozilik namoyishini tarqatish chog‘ida 2 nafar fuqaro halok bo‘lishi ortidan iste’fo bergandi.
Bir haftacha oldin, aniqrog‘i 9 noyabr kuni esa Peru Kongressi mamlakat prezidenti Martin Viskarrani faoliyat yuritishga layoqatli emas, deb topgan va unga nisbatan impichment e’lon qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Viskarra 2011-2014 yillari Mokegua mintaqasiga gubernatorlik qilgan davrida poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlikda ayblanmoqda.
O‘zA