Pentagon urush uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rayapti
AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Senatning Assignovatsiya qo‘mitasidagi chiqishida Eronga qarshi olib borilgan harbiy harakat shu kungacha 37,5 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi.
U Pentagon zaxirasini to‘ldirish va boshqa harbiy ehtiyoj uchun yana 87,6 milliard dollar zarurligini aytdi. Majlis davomida vazirning nutqi namoyishchilar e’tirozi sabab bir necha bor bo‘lindi. O‘z navbatida Prezident Donald Tramp Eron bilan tinchlik muzokarasi ehtimoliga to‘xtalib, Tehron jiddiy va mazmunli muloqotga tayyor bo‘lmaguncha, AQSH uchrashuvdan manfaatdor emasligini bildirdi.
Shuningdek, Tramp Livan Prezidenti Jozef Aun bilan ilk bor uchrashib, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi to‘qnashuvdan so‘ng barqarorlik izlayotgan mamlakat rahbari bilan muzokaradan so‘ng kutilmagan qarorini e’lon qildi: Amerika aviakompaniyalariga so‘nggi 40 yildan ko‘p vaqt ichida ilk bor Livanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni qayta yo‘lga qo‘yish uchun ruxsat berildi.
Amerika tomoni harbiy harakat sharoitidagi yo‘qotish haqida ham axborot berdi. masalan, Iroqda dronni zararsizlantirish payti halok bo‘lgan askar 30 yoshli serjant Maykl Emmanuel Svinton ekani ochiqlandi. Bir kun avval Iordaniyada ham Eron ballistik raketa va dron hujumini qaytarish chog‘i ikki nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Shu tariqa urush boshlangandan beri hayotdan ko‘z yumgan AQSH harbiy xizmatchilari soni 17 nafarga yetdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA