Pekinda madaniy kecha bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida “O‘zbekiston va Xitoy: bolalar muloqoti” mavzusida madaniy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Xitoy bolalarini ikki xalq madaniyati, san’ati va an’analari bilan tanishtirish, ular o‘rtasida do‘stona muloqotni shakllantirishdan iborat.
Unda xitoylik o‘quvchilar va ularning ota-onalari, elchixona xodimlari va ularning oila a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlarga yurtimiz tarixi va madaniyati, qadimgi go‘zal shaharlarimiz – Samarqand, Buxoro va Xiva, milliy taomlarimiz, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek kabi buyuk ajdodlarimiz va ularning dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekiston yoshlari sportning har xil turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yuksak o‘rinlarni egallab kelayotgani, mamlakatimizda yoshlar orasida xitoy tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani qayd etildi.
Madaniy kecha doirasida xitoylik maktab o‘quvchilari she’rlar aytib, Xitoy milliy kuy-qo‘shiqlari va raqslarini ijro etdi. Ular o‘zbek tilidagi “salom”, “do‘st”, “yaxshi” kabi so‘zlarni talaffuz qilishni o‘rgandi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik bolalar ham xitoylik tengdoshlarini xursand qilish uchun o‘zbek tilida she’r va ashulalar aytib, raqslar ijro etdi. Tadbir doirasida viktorina ham bo‘lib o‘tdi.
Madaniy kecha yakunida tashkilotchilar bolalarni o‘zbek milliy taomlari va shirinliklari bilan mehmon qildi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA