Pekin muloqoti global iqtisodiyotga yangi nafas bermoqda
Shu oy o‘rtalarida Pekinda bo‘lib o‘tgan AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin uchrashuvi xalqaro siyosatdagi eng muhim voqealardan biri sifatida baholanmoqda. Yetti yillik tanaffusdan keyin Amerika rahbarining Xitoyga davlat tashrifi amalga oshirilgani Vashington va Pekin munosabatida yangi diplomatik bosqich boshlanayotganidan darak berdi.
Shu oy o‘rtalarida Pekinda bo‘lib o‘tgan AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin uchrashuvi xalqaro siyosatdagi eng muhim voqealardan biri sifatida baholanmoqda. Yetti yillik tanaffusdan keyin Amerika rahbarining Xitoyga davlat tashrifi amalga oshirilgani Vashington va Pekin munosabatida yangi diplomatik bosqich boshlanayotganidan darak berdi.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, sammit keskin geosiyosiy sharoitda o‘tdi. Savdo ziddiyati, Yaqin Sharqdagi beqarorlik, energetika bozoridagi bosim va texnologik raqobat ikki davlatni o‘zaro muloqotni kuchaytirishga undadi. Shu nuqtai nazardan mazkur tashrif xalqaro darajadagi qarama-qarshilikni yumshatishga qaratilgan amaliy qadam sifatida qabul qilindi.
Iqtisodiy barqarorlikka doir kelishuvlar muzokaraning eng muhim natijalaridan biri bo‘ldi. So‘nggi yillarda joriy qilingan yuqori tarif global ishlab chiqarish zanjiriga jiddiy bosim o‘tkazgan edi. Pekinda tomonlar savdo aloqasini muvozanatlashtirish, boj yuklamasini kamaytirish va yirik import shartnomalarini ko‘paytirish bo‘yicha umumiy yondashuvga keldi.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi bitimlar Amerika iqtisodiyoti uchun katta ahamiyat kasb etmoqda. Xitoy kelasi yillarda milliardlab dollarlik agrosanoat mahsulotlarini sotib olish majburiyatini oldi. Bu fermerlar, logistika kompaniyalari va oziq-ovqat sanoati uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Aviatsiya sohasidagi kelishuvlar ham muzokaralarning amaliy samarasini ko‘rsatdi. Boeing samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha erishilgan kelishuv nafaqat Amerika sanoati, balki xalqaro aviatsiya bozori uchun ham muhim voqelikka aylandi. Bu yirik korporatsiyalar o‘rtasida ishonch tiklanayotganidan dalolat beradi.
Pekin uchrashuvi iqtisodiy aloqalarni tizimli boshqarish mexanizmlarini ham shakllantirdi. Savdo kengashi va Investitsiya kengashining tashkil etilishi ikki davlat o‘rtasida muntazam maslahatlashuv platformasini yaratdi. Bu esa kelajakdagi kelishmovchiliklarni keskin inqirozga aylantirmasdan hal qilish imkonini oshiradi.
Tashrifning yana bir ijobiy jihati energetika xavfsizligi bilan bog‘liq. Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi xavf dunyo neft bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bir sharoitda Vashington va Pekin dengiz yo‘llarining ochiq saqlanishi bo‘yicha mushtarak pozitsiya bildirdi. Bu qaror global bozorlarga barqarorlik signali sifatida qabul qilindi.
Xavfsizlik sohasida ham muayyan yaqinlashuv kuzatildi. Tomonlar Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi lozimligini tasdiqladi. Shuningdek, Koreya yarim orolida yadrosizlantirish masalasi bo‘yicha umumiy yondashuv saqlab qolindi. Bu xalqaro xavfsizlik borasida muloqot mexanizmi ishlayotganini ko‘rsatadi.
Texnologik sohadagi muloqot alohida ahamiyat kasb etdi. Sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar va yuqori texnologiyalar bo‘yicha muzokaralar raqamli iqtisodiyot kelajagi uchun muhim signal sifatida baholanmoqda. Ayrim cheklovlar yumshatilishi global IT bozoridagi bosimni qisman pasaytirishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, Pekin sammiti raqobat va hamkorlikni bir vaqtning o‘zida saqlab qolishga asoslangan yangi diplomatik modelni namoyon qildi. Bu yondashuv to‘liq kelishuv emas, ammo xalqaro tizimda xavfli keskinlikning oldini olish uchun muhim siyosiy mexanizm vazifasini bajarishi mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham mazkur jarayon o‘ziga xos ahamiyatga ega. AQSH – Xitoy muloqoti barqarorlashuvi transport yo‘laklari, investitsiya muhiti va savdo faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa mintaqa davlatlari tashqi iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi.
Pekindagi uchrashuv shuni anglatdiki, dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyot o‘rtasidagi munosabatlar endi faqat raqobat bilan emas, balki o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda boshqariladigan muloqot orqali ham belgilanadi. Bu esa global iqtisodiy tizim uchun muhim barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Vashington va Pekin raqobatdan “boshqariladigan barqarorlik” modeliga o‘tadimi?
AQSH – Xitoy sammiti nafaqat ikki davlat munosabati, balki butun xalqaro tizim kelajagi uchun muhim siyosiy signal sifatida baholanmoqda. Uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, Vashington va Pekin to‘liq kelishuvga erishmagan bo‘lsa-da, xavfli qarama-qarshilikni cheklash va raqobatni boshqarish mexanizmini saqlab qolishdan manfaatdor.

So‘nggi yillarda bu ikki qudratli davlat munosabati asosan tarif urushi, texnologiya sohasidagi cheklov va geosiyosiy bosim xususiyatini namoyon etayotgan edi. Endi esa munosabatlarda mutlaq to‘qnashuv emas, balki “boshqariladigan raqobat” formati shakllanmoqda. Bu model ikki tomon bir vaqtning o‘zida ham raqobatlashishi, ham muayyan sohalarda hamkorlikni saqlab qolishini anglatadi.
Muzokaralarda eng ko‘p muhokama qilingan yo‘nalishlardan biri texnologiya sohasi bo‘ldi. Sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar va raqamli infratuzilma XXI asrning asosiy strategik resurslariga aylanmoqda. Nvidia chiplari bo‘yicha ayrim cheklovlar yumshatilishi Pekin va Vashington to‘liq texnologik ajralishdan hozircha manfaatdor emasligini anglatadi. Bu xalqaro IT kompaniyalari va global raqamli bozor uchun ijobiy signaldir.
Sammitning yana bir muhim natijasi – muloqotning institutsionallashuvidir. Yangi Savdo kengashi va Investitsiya kengashi ikki davlat munosabatlarida doimiy aloqa platformasi vazifasini bajaradi. Bu esa kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy yoki siyosiy kelishmovchiliklarni muzokara orqali yumshatish imkonini oshiradi.
Mutaxassislar fikricha, sammitning asosiy yutug‘i dunyo iqtisodiyoti uchun xavfli to‘liq “dekapling”, ya’ni ikki iqtisodiyotning keskin ajralib ketishi ehtimolini pasaytirganida. Zero, AQSH va Xitoy iqtisodiyoti hanuz o‘zaro chuqur bog‘langan. Savdo, texnologiya, logistika va moliyaviy tizimlardagi to‘liq uzilish global bozorlar uchun juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Tashrif Markaziy Osiyo nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mintaqa davlatlari so‘nggi yillarda ko‘p vektorli tashqi siyosat olib bormoqda va AQSH ham Xitoy bilan aloqalarni muvozanatlashtirishga harakat qilmoqda. Vashington va Pekin muloqoti barqarorlashuvi mazkur davlatlarga tashqi bosimsiz iqtisodiy imkoniyatni kengaytiradi.
Ayniqsa, O‘rta yo‘lak, “Makon va yo‘l” tashabbusi kabi transport loyihalari uchun yangi sharoitlar shakllanishi mumkin. Global savdo tizimidagi nisbiy barqarorlik Markaziy Osiyoning tranzit ahamiyatini yanada oshiradi. Bu esa mintaqa iqtisodiyotlariga qo‘shimcha sarmoya va logistik faollik olib kelishi mumkin.
Pekin sammiti shuni ko‘rsatdiki, XXI asr xalqaro tizimi endi bir markazli emas. Dunyodagi ikki yirik iqtisodiyot o‘zaro raqobat qilsa-da, global barqarorlik uchun bir-biri bilan hisoblashishga majbur. Bu esa yangi geosiyosiy model – raqobat va hamkorlik bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan murakkab tartib shakllanayotganini anglatadi.
Eng muhim xulosa shundaki, Pekin muzokaralari AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlarni to‘liq bartaraf etmagan bo‘lsa-da, global iqtisodiyot va xavfsizlik tizimi uchun xavfli bo‘lgan keskin eskalatsiya ehtimolini pasaytirdi. Bu esa xalqaro bozorlar, investorlar va rivojlanayotgan davlatlar uchun nisbatan barqaror muhit saqlanib qolishini anglatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA