Pekin forumida O‘zbekistonning inson huquqlari himoyasi bo‘yicha tajribasi taqdim etildi
Pekin shahrida Inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv – 2026 forumi (2026 Forum on Global Human Rights Governance) bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Hamjihatlikdagi taraqqiyot, umumiy inson huquqlari: Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganining 40 yilligi va inson huquqlari sohasidagi global boshqaruvning yangi istiqboli” mavzusiga bag‘ishlandi.
Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Murodova ishtirok etdi.
Forum inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun eng yirik xalqaro maydonlardan biriga aylandi. Uning ishida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan davlat organlari, ilmiy-ekspert hamjamiyati va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari, shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari – jami 400 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
D.Murodova yalpi majlisda so‘zga chiqib, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilinganidan qirq yil o‘tib, davlatlar va xalqlarning ushbu huquqni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlardan teng foydalanishini ta’minlash xalqaro hamjamiyatning asosiy vazifasiga aylanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillariga asoslangan islohotlarga, inson kapitalini rivojlantirishga, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga va aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatda insonga, ta’lim va bilimga sarmoya kiritish barqaror rivojlanish hamda fuqarolar hayoti sifatini oshirishning eng muhim sharti sifatida qaralmoqda.
Milliy markaz vakili O‘zbekistonning ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni ilgari surish va barqaror rivojlanish uchun imkoniyatlarni mustahkamlash borasidagi tajribasini taqdim etdi.

BMT Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40 yilligiga bag‘ishlangan ushbu forumda asosiy e’tibor raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va global ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sharoitida rivojlanish huquqini ta’minlashga doir zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratildi.
Forum o‘z ishini beshta mavzuli shu’balarda davom ettirdi. Bunda global boshqaruv va inson huquqlari, sun’iy intellekt davrida rivojlanish huquqini ro‘yobga chiqarish, modernizatsiya va insonning har tomonlama kamol topishi hamda xalqaro inson huquqlari kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida zamonaviy texnologiyalar, iqlim va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan bog‘liq turli tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligiga yana bir bor e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar rivojlanish huquqini ilgari surish hamda inson huquqlari sohasidagi global boshqaruv tizimini takomillashtirish muhimligini tasdiqladi.
N.Abduraimova, O‘zA