Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda ETS o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi delegatsiyasi AQSHda ETS (Educational Testing Service) tomonidan tashkil etilgan xalqaro sammitda ishtirok etdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Markaz va ETS o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hujjatda kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda baholash tizimini takomillashtirish masalalari qamrab olindi.
Shuningdek, Markaz delegatsiyasi ETS tomonidan tashkil etilgan 4 kunlik o‘quv-trening dasturlarida ishtirok etib, uni muvaffaqiyatli yakunladi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida zamonaviy baholash yondashuvlari, testologiya, ilmiy-tadqiqot asosida baholash tizimi hamda imtihonlar xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ETS ta’limni baholash sohasida dunyodagi eng yirik va nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanib, qator xalqaro imtihonlarni ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi. Ushbu hamkorlik milliy baholash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA