Pechka mo‘risidan chiqqan issiqlikka ko‘chat yetishtirilmoqda
Issiqxonalarning bir metr kvadratidan qancha hosil olish mumkin?
Issiqxonalarning bir metr kvadratidan qancha hosil olish mumkin? Rossiya issiqxonalarida bu maydondan 35-45, hatto 100 kilogrammgacha pomidor va bodring hosili olinmoqda. O‘zbekistonda issiqxonada bodring va pomidorning F1 duragaylarining hosildorligi bir metr kvadratda 25-30 kilogrammgacha yetmoqda. Andijonliklar issiqxonaning har bir kvadrat metridan 30-35 kilogrammgacha pomidor va bodring yetishtirib, eksport qilmoqda. Tomorqasida 3-4 sotix issiqxona bo‘lsa, 35-40 million so‘m daromad olish mumkin.
Kichik tomorqadan ana shunday mo‘l hosil va daromad olishning sirlari haqida O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi mutaxassislari tayyorlangan “Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yopiq va ochiq maydonlarda mahsulot yetishtirish” nomli kitobda keltirilgan.
Tavsiyalarda fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanish ishlarini tizimli tashkil etish, ekin o‘stirish, chorva va parranda parvarishlash madaniyati, ularni kasalliklardan asrash va saqlash kabi muhim chora-tadbirlar o‘z aksini topgan.
Ushbu qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining mablag‘lari yordamida, “Fermer va tomorqachi” tahririyatida amalga oshirilayotgan “Davlat organlari va biznes sub’ektlari bilan hamkorlikda tomorqada yoshlar, ayollar va yosh oilalarning bandligini ta’minlash” loyihasi asosida, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini va daromadlarini oshirish maqsadida tayyorlangan.
– Aholi xonadonlarida bo‘lib, tajribali tomorqachilarning faoliyatini o‘rgandik, – deydi kitob mualliflaridan biri Ahmadali Teshaboev. –Vodiyda bir xonadonning uyini tomida yetishtirilgan ko‘chatni ko‘rdik. Qizig‘i, uyda yongan pechka mo‘risidan chiqqan issiqlikka issiqxonada ko‘chat yetishtirar ekan. Bu haqida ham kitobda batafsil keltirganmiz. Kitobda keltirilgan tavsiyalar amaliyotdan olingan va unga amal qilib tomorqadan yaxshi hosil olish mumkin.
Mazkur kitobda issiqxonada qulupnay, tarvuz yetishtirish borasida ham tegishli agrotexnikalar ma’lum qilingan.