Paxtazorlarda ish qizgʻin
Toshkent viloyati paxta dalalarida yigʻim-terim mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Toshkent viloyati paxta dalalarida yigʻim-terim mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Viloyat paxtakorlari ayni paytga qadar qabul punktlariga qariyb 212 ming tonna paxta topshirib, belgilangan marraga tobora yaqinlashmoqda. Paxtazorlarda hali hosil moʻlligi terimchilarning gʻayratiga-gʻayrat qoʻshayotir.
Bu borada ilgʻor terimchilarning moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirib borilayotgani ham terim surati oshishiga xizmat qilayotir.
Dam olish kunlari qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ijodkorlar, elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar paxtakorlar huzurida boʻlib, terimchilar bilan dildan suhbat qurdi.
Jumladan, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov Boʻka tumanida boʻlib, terimchilar bilan samimiy muloqot qildi.
“Qurbon Gulsin” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib oʻtgan tadbirda bir guruh ilgʻor terimchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Tadbir doirasida shuningdek, mehnatkashlar uchun bayram dasturxoni yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova ham viloyat paxtakorlari huzurida boʻldi.
Piskent tumanidagi “Muhammadali agro biznes“ fermer xoʻjaligi paxta dalasida terimchilar bilan oʻtkazilgan dildan suhbat chogʻida ham faol terimchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.