“Paxtakor”ning bahsli goli bo‘yicha yakuniy tahlil taqdim etildi
Superliga 18-turidagi uchrashuvning 90+4-daqiqasida “Paxtakor” raqib darvozasini ishg‘ol qilgan edi.
“Paxtakor” — “Surxon” uchrashuvining so‘nggi daqiqalarida bekor qilingan gol bo‘yicha batafsil tahlil taqdim etildi. Xulosaga ko‘ra, ofsayd borasidagi qaror to‘g‘ri bo‘lgan, biroq VAR hakami qarorni chiqarish jarayonida protokolni buzgan.
Superliga 18-turidagi uchrashuvning 90+4-daqiqasida “Paxtakor” raqib darvozasini ishg‘ol qilgan edi. Epizod VAR tekshiruviga yuborilib, chiziqlar chizilgach, mezbonlarning 17-raqamli futbolchisi uzatma berilgan vaqtda ofsaydda turgani aniqlangan.
Tahlilda qayd etilishicha, futbolchi shunchaki ofsayd holatida qolib ketmagan, balki keyingi vaziyatda to‘p uchun faol kurashga kirishgan. Darvozabon bilan hujumchi orasidagi masofa qisqa bo‘lgan va posbon havodan kelgan to‘pni nazoratiga olishga ulgurmasidan hujumchi unga bosim o‘tkazgan. Shu sabab epizod faol ofsayd sifatida baholangan.
Ofsaydni aniqlashda qo‘llanilgan texnologiya bo‘yicha ham e’tirozga o‘rin yo‘qligi ta’kidlandi. VAR guruhi darvoza ortidagi tasvir orqali to‘pga zarba berilgan lahzani belgilagan, maxsus ofsayd kamerasi yordamida esa hujumchi va himoyachining joylashuvi solishtirilgan. Kameralar har bir uchrashuvdan oldin “Hawk-Eye” mutaxassislari va VAR operatorlari tomonidan kalibrovka qilinib, o‘zaro sinxronlashtiriladi.
Shunga qaramay, epizodda jiddiy protsessual xatoga yo‘l qo‘yilgan. Bunday holatda VAR hakami bosh hakamni monitor yoniga chaqirishi, maydondagi referi vaziyatni o‘zi qayta ko‘rib, yakuniy qarorni chiqarishi kerak edi. Ravshan Abduvohidov esa buni amalga oshirmagan va bosh hakamga tayyor xulosani yetkazgan.
Demak, Abduvohidov “Paxtakor”ning golida ofsayd borligini noto‘g‘ri aniqlagani uchun emas, VAR protokolida belgilangan tartibni buzganligi sabab jazolangan.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, Ravshan Abduvohidov 2026-yilgi Superliga mavsumi oxiriga qadar na bosh hakam, na VAR hakami sifatida uchrashuvlarda ishlay oladi.