Paxtakorlik vitse-chempion ovoz berdi
Respublikamizning barcha hududlaridagi kabi Jizzax viloyatining olis Baxmal tumanida joylashgan saylov uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiligiga munosib nomzodni saylash uchun ovoz berish jarayonlari qizg‘in o‘tmoqda.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, 54 kilogramm vazn toifasida Jahon chempionati kumush medali sohibi, Paxtakor tumanida yashovchi Oybek Jo‘rayev ushbu saylovlarda Baxmal tumanidagi tog‘lar bag‘ridagi qalin archazor bilan qoplangan “Teraklisoy” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli 79-saylov uchastkasidan o‘zi munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berdi.
Ma’lumot o‘rnida, Oybek Jo‘rayev joriy yilning 30 aprelidan 14 may kunlari davomida mamlakatimiz poytaxtida birinchi marotaba o‘tgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etib, o‘z vazn toifasida mamlakat terma jamoasi sharafini munosib himoya qildi.
Dunyoning 100 dan ortiq davlat terma jamoalarining eng nomdor bokschilari g‘oliblik uchun ringga ko‘tarilgan mazkur nufuzli musobaqada Oybek Jo‘rayev 54 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etib, musobaqaning kumush medali va jahonning vitse-chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
E’tiborlisi, Oybek Jo‘rayev mana 3 kundirki, Baxmal tumanining so‘lim “Teraklisoy” MFY hududidagi dam olish mehmon uylaridan birida navbatdagi nufuzli xalqaro musobaqalarga individual tarzda, murabbiylarining ko‘rsatmalariga asosan tayyorgarlik mashqlarini olib bormoqda. Shu sababdan ham saylovda ishtirok etib, o‘z fuqarolik burchini Baxmal tumandagi 79-saylov uchastkasida ado etdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, mamlakatda jismoniy tarbiya va sport rivoji uchun, kelajagimiz, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz uchun, Yangi O‘zbekistonning ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shadigan va o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdim, – deydi Oybek Jo‘rayev. – Barcha yurtdoshlarimni ushbu muhim siyosiy jarayonda ishtirok etishga va o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishga chorlayman.
A.QAYUMOV, O‘zA