Paxtakorda bayram tuhfasi — yangi bog‘chalar ochildi
Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida 17 va 18-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining binolari tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar idoralari, mahalla va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tuman hokimi Husan Abduvohidov yig‘ilganlarni bayram bilan qutlab, yangi muassasalarning ochilishi mamlakatda maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.
Yangi bog‘chalarda keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy o‘yin maydonchalari barpo etilgan bo‘lib, bolalarni har tomonlama kamol toptirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshirildi. Hujjatda hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish va yangi ob’ektlar qurish vazifalari belgilangan.
[gallery-28226]
Navro‘z arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur muassasalar mahalladagi bolalar uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari