«Paxtakor» Superliga peshqadamiga aylandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-turidan o‘rin olgan Toshkent derbisi «Paxtakor» klubi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Natijada esa jamoa jadvalda yetakchiga aylandi.
Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-turidan o‘rin olgan «Qo‘qon-1912» — «Mash’al», «Paxtakor» — «Bunyodkor», «Buxoro» — «Andijon» hamda «Nasaf» — «Dinamo» jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar kutilmagan natijalarga boy o‘tdi.
Jumladan, mazkur uchrashuvlar orasida markaziy o‘yin deya e’tirof etilgan «Paxtakor» va «Bunyodkor» bahsi 3:1 hisobida yakunlandi.
«Paxtakor» stadionida o‘tgan bahsning birinchi bo‘limida mezbonlar 42-daqiqada Zaidning goli evaziga hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda «Bunyodkor» jamoasi a’zosi Sardor Abdunabiyev 62-daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 73-daqiqada Doston Hamdamovning chiroyli zarbasi «Paxtakor»ni yana hisobda oldinga olib chiqdi. Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 2-daqiqada esa Stefan Chinedu yakuniy nuqtani qo‘yib, mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasini mustahkamladi.
Shu tariqa, «Paxtakor» Toshkent derbisida g‘alaba qozonib, ochkolari sonini 52 taga yetkazdi. Natijada xuddi shuncha ochko to‘plagan «Neftchi» klubini o‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik evaziga ortda qoldirib, turnir jadvalida peshqadamga aylandi.

«Buxoro» va «Andijon» jamoalari o‘rtasidagi bahs ham muxlislarga hayajonli lahzalarni taqdim etdi. «Buxoro FA» stadionida o‘tgan uchrashuvda mezbonlar kambek qayd etib, irodali g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvning 10-daqiqasida Martin Boake, 73-daqiqasida esa Bekzod Sulaymonov tomonidan kiritilgan gollar evaziga «Andijon» 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq, bahsning so‘nggi qismida vaziyat o‘zgardi. 80-daqiqada Nika Kacharava hisobni qisqartirgan bo‘lsa, oradan uch daqiqa o‘tib Asilbek Qayumov muvozanatni tikladi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning 5-daqiqasida esa Sherzod Esanov g‘alaba golini kiritdi — 3:2.
Ushbu g‘alabadan so‘ng buxoroliklar 37 ochko bilan turnir jadvalining beshinchi pog‘onasidan joy oldi. «Andijon» esa 30 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda qoldi.

Qarshining «Nasaf» jamoasi O‘zbekiston Superligasining 23-turida Samarqandning «Dinamo» klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. «Markaziy» stadionda o‘tgan uchrashuvda hisob 80-daqiqada Adenis Shalaning goli evaziga ochildi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Oybek O‘rmonjonov «Dinamo»ning javob golini kiritib, hisobni tenglashtirdi. Biroq, bahsga qo‘shib berilgan vaqtning oltinchi daqiqasida Alibek Davronov g‘alaba golini urib, «Nasaf»ga muhim uch ochkoni taqdim etdi.
Mazkur g‘alaba evaziga «Nasaf» ochkolari sonini 37 taga yetkazib, turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. «Dinamo» esa 30 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinda qoldi.
«Qo‘qon-1912» jamoasi o‘z maydonida Muborakning «Mash’al» klubini qabul qildi. Qiziqarli kechgan bahsda mezbonlar raqib darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritib, g‘alaba qozondi.

Uchrashuvning 16-daqiqasida Shohrux Gadoyev tomonidan kiritilgan gol qo‘qonliklarga ustunlik taqdim etdi. Shundan so‘ng har ikki jamoa hujumlar tashkil etishga harakat qilgan bo‘lsa-da, hisob o‘yinning so‘nggi daqiqalariga qadar o‘zgarmadi. 88-daqiqada Iqbol Malikjonov mezbonlarning ikkinchi golini kiritdi. Bahsga qo‘shib berilgan vaqtning uchinchi daqiqasida esa Silvanus Nimeli raqib darvozasini ishg‘ol etib, uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi — 3:0.
Shu tariqa, «Qo‘qon-1912» o‘z muxlislari qarshisida ishonchli g‘alabaga erishib, ochkolari sonini 23 taga yetkazdi. «Mash’al» esa 4 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida qolmoqda.
Superliganing 23-turi doirasida 10-oktabr kuni «Qizilqum» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qiladi. O‘yin soat 18:00 da «Yoshlar» sport majmuasida start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA