Paxta qabul qilish punktlari mavsumga shaymi?
“Buxoro agroklaster” MCHJ shaklidagi paxta-to‘qimachilik klasteriga qarashli “G‘ijduvon paxta tozalash” AJda viloyatda 2024 yil hosili uchun paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik ko‘rish, paxta qabul qilish maskanlarinining mavsumga tayyorgarligi hamda 2025 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekishga tayyorgarlik ishlarining borishiga bag‘ishlab seminar o‘tkazildi.
Dastlab seminar qatnashchilari “G‘ijduvon paxta tozalash” AJda amalga oshirilgan mavsumga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishtirildi. Ishtirokchilar paxta qabul qilish maskani kapital ta’mirlanishi, paxta xomashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari, suv saqlash hovuzlarining holati, 1-kategoriyali brezentlar bilan ta’minlanishi hamda elektr yoritgichlar va yong‘in xavfsizligi jihozlarining ishchi holatda ekanligi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, paxta qabul qilinishida shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga to‘liq rioya qilinishi bo‘yicha joriy qilingan tizim haqida ham batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.

Seminarning asosiy qismida viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarovning paxta xomashyosi va undan qayta ishlangan mahsulotlarni qabul qiluvchi, saqlovchi hamda qayta ishlovchi korxonalarning mavsumga tayyorgarligi yuzasidan axboroti eshitildi.

Joriy yilda 370 ming tonna paxta xomashyosi sotish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan. Rejaga ko‘ra, yig‘ib olingan hosilning barchasi viloyatdagi 10 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga tegishli 34 ta tayyorlov punkti, bundan tashqari, 5 ta urug‘chilik xo‘jaligiga qarashli, umuman, jami 39 paxta qabul qilish maskanida jamlanishi kerak.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan mavsumga tayyorgarlik ishlari davomida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolar, ularni bartaraf etish haqida ham gapirildi.

Seminarda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish, jumladan, paxta qabul qilish maskanlaridagi tarozilarni o‘rganish, ta’mirtalablarini ta’mirlash, paxta terimiga jalb etiladigan texnikalar, tirkamalarni tayyorlov chizig‘iga qo‘yish va tirkamalarga yorug‘lik qaytargichlar o‘rnatish, yopinchiqlar bilan ta’minlash, paxta maydonlarini defoliatsiya qilish uchun talab etiladigan kimyoviy vositalar zaxirasini yaratish va defoliatsiyaga qatnashuvchi texnikalarni shay holatga keltirish, 2024 yil hosili uchun qo‘shimcha paxta qabul qilish bo‘yicha fyuchers shartnomalarini yakunlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Mavsumda paxta qabul qilish maskanlarida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri