Paxta mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida joriy yilgi “Paxta–2025” terim mavsumi uchun tayyorgarlik ishlari to‘liq yakunlandi.
Mehnat va mas’uliyatni talab etadigan bu muhim jarayonga tumandagi barcha fermer xo‘jaliklari, sohaviy mutaxassislar va texnika parklari ishchilari bir yoqadan bosh chiqarib, jips holda kirishdi.

Joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida tumanda 11 ming 500 gektar maydonga chigit qadalgan. Ayni paytda ko‘pgina dalalarda ko‘saklar pishib, ochilish arafasida turibdi.. Hosildorlikni oshirish maqsadida agrotexnik tadbirlar izchil va samarali amalga oshirilmoqda.
Terim mavsumiga tayyorgarlik doirasida paxta qabul qilish punktlari to‘liq tartibga keltirildi. Barcha tarozilar zamonaviy elektron tizimlarga ulanib, hisob-kitob jarayonlari aniqlik va shaffoflik asosida tashkil etildi.

36 dona bunkerli va 8 dona maxsus plyonkali paxta terish mashinalari hamda yuk tashishga mo‘ljallangan texnikalar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, tayyor holatga keltirildi.
Yong‘in xavfsizligi masalalari alohida e’tiborga olindi. Barcha qabul punktlari tegishli jihozlar bilan ta’minlanib, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatildi.

Paxta sifatini nazorat qilish yuzasidan mutaxassislar maxsus o‘quv kurslaridan o‘tkazilib, sertifikatlarga ega bo‘ldilar. Laboratoriyalar esa zamonaviy uskunalar bilan to‘liq jihozlandi.


A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari