Patent vakillarining huquqlari kengaytirilmoqda
Bugungi raqamli davrda intellektual mulk ob’ektlarini himoya qilish, intellektual mulk egalarining mualliflik huquqlarini ta’minlash dolzarblashib bormoqda. Qonunchilik palatasining majlisida intellektual mulk ob’ektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasini oshirish hamda patent vakillarining huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat mamlakatda intellektual mulk sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirish, intellektual mulk ob’ektlarini faol fuqarolik muomalasiga kiritish, patent vakillarining huquq va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Qonun loyihasi bilan intellektual mulk garovida unga doir mulkiy huquqlarning bekor qilinishi yoki qiymatining pasayishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar aniq tartibga solinmoqda. Qolaversa, patent vakillarining intellektual mulkka oid ishlar bo‘yicha sudlarda shartnoma asosida (ixtiyoriy) vakil sifatida ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari orqali intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirish imkoniyati ham yaratilmoqda. Bu esa intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini aholi, tadbirkorlar uchun sodda va qulay qilishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasidagi normalar intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini soddalashtirishga, ularning mulkiy huquqlaridan garov sifatida foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA