Pashinyan: Armaniston Ozarbayjon bilan chegaralarni ochishdan manfaatdor
Armaniston Ozarbayjon bilan chegaralarni ochishdan manfaatdor va bu jarayon Rossiya ko‘magida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi.
“2021 yilning yanvarida Moskvada biz Rossiya, Ozarbayjon Prezidentlari bilan Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston Bosh vazirlari o‘rinbosarlari boshchiligida mintaqadagi kommunikatsion ishlar bilan shug‘ullanadigan uch tomonlama ishchi guruhi tuzish to‘g‘risidagi bayonotni imzolagan edik”.
Mazkur loyihaga ko‘ra, Armanistonning transport vositalari Ozarbayjon hududi va Ozarbayjon avtomobillari Armaniston yo‘llarida emin-erkin harakatlanishi ko‘zda tutilgan edi.
“Global ma’noda loyiha xalqaro savdo yo‘llari ochish imkonini beradi. Aytish kerakki, biz bundan manfaatdormiz”, dedi Pashinyan.
Armaniston Bosh vaziri Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal etishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Minsk guruhining hamraisi sifatidagi rolini alohida ta’kidlab o‘tdi.