Parvozingiz baland bo‘lsin, ijodkor yoshlar!
Iste’dod doim qo‘llab-quvvatlash, rag‘batu parvarishga ehtiyoj sezadi. Bugun mamlakatimizda iste’dod egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh iste’dod egalarini kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida 25 nafar yosh ijodkorning 25 nomda chop etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adabiyot sohasida izlanayotgan yoshlarning “Birinchi kitobim” loyihasi asosida kitoblarining chop etilishi mamlakatimizda milliy adabiyotimiiz rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlikning o‘ziga xos namunasi ekanini ta’kidladi.
– Yozuvchilar uyushmasi ijarama-ijara sarson bo‘lib yurgan, kosasi oqarmagan tashkilotdan nomi yetti iqlim adiblariga doston bo‘lgan tashkilotga aylandi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chop qilingan “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi muhtasham adabiyotimizni o‘zida mujassam etgani, ko‘plab davlatlarda katta qiziqish va e’tibor uyg‘otayotgani bilan ahamiyatlidir. Ona-Vatanni tarannum etishda milliy adabiyotimiz dunyo adabiyotiga namuna bo‘lishga arzirlidir. Ayni paytda bugun asarlari ilk marta kitob holida chop etilgan yosh ijodkorlar ham Vatan, jamiyat, xalq oldidagi katta ishonch va mas’uliyatni his etishlarini istardim. Zero, ko‘p yillar avval bizning ilk marta chop etilgan birinchi kitobchamiz bilan yoshlarning hozirgi ilk kitoblari orasida osmon bilan yercha farq bor.
– Mamlakatimizda 17 million nafardan ortiq yoshlar bor, – dedi O‘zbekiston Respkublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamenti rahbari Qahramon Quronboyev.– Bugun har bir yoshning hayotda o‘z o‘rnini topishga katta e’tibor qaratilmoqda. Avvallari hayotda o‘z o‘rnini topgan iste’dodli yoshlarga ko‘proq ahamiyat qaratilgan bo‘lsa, hozirda sharoiti turlicha bo‘lgan barcha ijodkorlar muttasil qo‘llab-quvvatlanmoqda. Aslida bugun ijodkor uchun muammoli masalaning o‘zi qolmadi. “Mening birinchi” kitobim loyihasi uchun minglab yoshlar orasida 25 nafar ijodkorning ishlari saralab olindi. Kelgusida bolalarga atalgan she’rlar, ertaklar, dostonlar, hikoyalar uchun alohida-alohida tanlovlar e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda.

– Garchi she’r yozmasam-da, mening birinchi kitobim 45-50 yoshlar atrofida nashr etilgan edi, – dedi adabiyotshunos olim Qazoqboy Yo‘ldoshev. – Shu ma’noda bugun ilk kitoblari chiqqan yigit-qizlarga havas qilish mumkin. Adabiyot olamidagi bu ilk qadamlari kelgusidagi parvozlari uchun asos bo‘lishiga tilakdoshman. Ijod degani millatning dardini kuylash demakdir. Yaratgan ijodkorga iste’dod beribdimi, uning mas’uliyati ham, javobgarligi ham bor.
– Men “Birinchi kitobim” loyihasi jarayonida bir qator yigit-qizlarning yozganlarini ko‘rib chiqdim, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. – Qizlarning taqdiri she’riyatda oson kechmaydi. Ular ko‘pincha o‘z tuyg‘ularini ifodalashga intiladilar. Istardimki, ijodkor qizlar o‘ziga xos darddan dunyoviy muammolarni ham aytishga o‘tsalar. Ijodkor har bir so‘ziga ehtiyot bo‘lishi kerak. Negaki, so‘zning mas’uliyati katta. Bizning ilk kitoblarimiz chiqqan paytda ularni Moskvaga jo‘natishardi. Sababi, senzura qattiq edi. Eng zo‘r shoirning she’rini redaktor yo qabul qilardi yoki qabul qilmas edi. Vatan haqida yurakdan yozish kerak. She’riyat bu qiyin ish emas, yozsang agar yurakdan...Yoshlarga uzoq umr, yo‘llari porloq bo‘lishini tilab qolaman.
– Ilk ijodim “Dolg‘a” nomi bilan kitob holida 5 ming nusxada nashr etildi, – dedi yosh shoir Quddus Asadullayev. – Ularda asosan Vatan, mehr-muabbat, ota-onaga hurmat mavzulari ko‘tarilgan. Yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan juda minnatdorman.
– Men ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini, ularning muammolarini yortishga intilaman, - dedi yosh ijodkor Mohira Eshpo‘latova. – Birinchi kitobim “Olov raqsi” nomi bilan chiqdi. Hikoyalar jamlangan ushbu kitobga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam so‘zboshi yozib, oq yo‘l tilaganlar. Bunday kitoblarimiz chop etilishida ustozlarimiz, Prezidentimizdan juda minnatdorman.
Yangragan kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga o‘zgacha fayz, shukuh bag‘ishladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri