Partiyaning kelgusi rejalari belgilab olindi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jizzax viloyat kengashining navbatdagi II plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning viloyat kengashi faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Plenumda partiyaning 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bo‘yicha, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalar va partiya faoliyatiga doir boshqa masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyati kengashi 2024 yilda saylovoldi dasturida o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar ijrosiga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda, partiya elektorati va aholining keng qatlami bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil qilishda, fuqarolarni qiynayotgan, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda, barcha darajadagi deputatlik korpuslarining hamkorligini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishda bir qator ishlar hayotga tatbiq etilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, partiya a’zolari safini kengaytirish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, kadrlar zaxirasini mustahkamlash, a’zolik badallari tushumini tizimli yo‘lga qo‘yish, saylov jarayonlarida munosib ishtirok etish, partiya xodimlari va faollarining siyosiy bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
– Hisobot davrida viloyatda boshlang‘ich partiya tashkilotlarining soni 998 tani tashkil qilib, ularning soni o‘tgan yil davomida 271 taga ko‘paydi, – deydi partiyaning viloyat kengashi raisi Orif Shukurov. – Partiya a’zolarimiz soni esa 112 ming 899 nafarga yetib, 54 ming 368 nafar o‘sdi.
Partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqib, ishlab chiqilgan 20 dan ortiq loyiha doirasida “Adolat” SDPning viloyat, shahar va tuman kengashlari tomonidan jami 704 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 23 ming 400 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik guruhining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti va 2025 yildagi vazifalari to‘g‘risida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, “Adolat” SDP deputatlik guruhi rahbari Bahodir Nazarov ma’ruza qildi.
O‘tgan 2024 yil davomida partiyaning viloyat, shahar va tuman Kengashi deputatlari tomonidan tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslariga ularning vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha asoslangan tushuntirish berish yoki o‘z pozitsiyasini bayon qilish talabi bilan jami 300 dan ortiq deputatlik so‘rovi yuborilgan. Ulardan 76 tasi qonun va hukumat qarorlarining joylardagi ijrosi, deputatlik nazorati bo‘yicha, 224 tasi fuqarolar murojaatlari asosida hal etilgan shikoyatlar bo‘yicha kiritilgan deputatlik so‘rovlari ekani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan hisobot davrida sessiyalarga 24 ta, doimiy komissiyalarga 67 ta masala kiritilib, ushbu masalalar yuzasidan shahar va tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan 28 ta mansabdor shaxs hisoboti eshitildi.
[gallery-22092]
Ammo hisobot davrida partiyaning ba’zi tuman Kengashlaridagi deputatlik guruhlari sessiyalar va doimiy komissiyalarga birorta ham masala yoki taklif kirita olmagani hisobot yig‘ilishida keskin tanqid qilindi.
Plenum kun tartibidagi shu va boshqa masalalar bo‘yicha partiya viloyat kengashining tegishli qarorlari qabul qilinib, partiya oldida turgan ustuvor rejalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari