Partiya saylovoldi muhokamasi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi dasturi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Ekologik partiyasining saylovoldi dasturi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etish va salbiy oqibatlarining oldini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan bir qatorda, mazkur sohadagi vazifalarning ko‘lami mamlakatda ekologik holatni yaxshilash va yuzaga kelgan muammolarni yaxlit holda hal etishga yo‘naltirilgan davlat siyosatini amalga oshirishda jamiyatning turli qatlamlariga mansub fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashni taqozo etadi.
“Biz kelajak uchun javobgarmiz!” g‘oyasini o‘zining bosh shiori hisoblagan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tabiat va inson salomatligi uchun qayg‘uradigan vatanparvarlar, tabiat muhofazasiga jonkuyar va fidoyilar, amaliy harakatlar, kelajakka dadillik bilan intilayotganlarni birlashtirishga harakat qilmoqda.
Qayd etilganidek, partiyaning ekspertlar guruhi tomonidan sohada davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashish, milliy qonunchilikni takomillashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ekologik ta’lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalarni qamrab olgan saylovoldi dasturi tayyorlangan.
Shuningdek, dasturda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Orolbo‘yini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilishga ko‘maklashish, Shanxay hamkorlik tashkiloti “Yashil belbog‘” dasturining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro ekologik tadbirlar yakuniy hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi pozitsiyasini har tomonlama himoya qilish, “Yashil iqtisodiyot” va “Aqlli” qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda joriy etish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
– Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon-meliorativ ishlarni amalga oshirish yo‘li bilan Orolbo‘yini ekologik sog‘lomlashtirish hamda 1,5 million gektar maydonni o‘rmon bilan qoplash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi masalalar ham qamrab olingan, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi guruh rahbari Erkin Omonov. – Partiyaning saylovoldi dasturida ko‘rsatilgan ushbu masalalarni jamoatchilik va ekspertlar bilan hamkorlikda muhokama qilish partiyaning kelgusidagi faoliyati yanada samarali bo‘lishida, dasturning to‘laqonli hayotga tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.