Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoq (PI) Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva PI ning 2020–2023-yillardagi Prezidenti Duarte Pacheko hamda Hindiston Respublikasi parlamenti yuqori palatasi a’zosi Raghav Chadda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning PI bilan hamkorligini rivojlantirish, parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston – Portugaliya va O‘zbekiston – Hindiston parlamentlararo hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
D.Pacheko O‘zbekistonning PI bilan munosabatlari izchil rivojlanayotganini hamda ilgari surilayotgan tashabbuslarini yuqori baholadi.
R.Chadda O‘zbekiston – Hindiston parlamentlararo munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitish, parlament delegatsiyalari almashinuvini kengaytirish, yosh parlament a’zolari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, shuningdek, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va barqaror rivojlanish sohalarida tajriba almashish muhimligini ta’kidladi.
***
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosi Aleksandr Lukyanov bilan uchrashdi.

Unda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilgani qayd etildi. O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi chog‘ida erishilgan muhim kelishuvlarni samarali amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlikning alohida o‘rni borligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda joriy yilning sentyabr oyida Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika kengashi Raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Xiva shahrida yoshlar parlamentlari vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA