Parlamentda yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida davlat organlari rahbarlari va yoshlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida deputatlar, rahbarlar, tadbirkorlarning yoshlar bilan uchrashuvlarini tashkil etish belgilangan.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Ochiq eshiklar kuni” doirasida tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda bir qator ta’lim muassasalarining 300 nafardan ziyod talaba va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamda deputatlarning talaba yoshlar bilan uchrashuvlarida Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asosi, mamlakatimiz tarixida birinchi marta umumxalq referendumi orqali, ya’ni bevosita xalqimiz tomonidan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, yoshlarga quyi palata, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qo‘mitalar ish faoliyati, qonunlarni qabul qilish jarayoni haqida so‘zlab berildi.

Xususan, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, birinchi va ikkinchi o‘qishga tayyorlash, yalpi majlis muhokamalariga kiritish bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda uning huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyati haqida batafsil tushunchalar berildi. Yoshlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb qilish qabul qilinayotgan qonunlarda yoshlar huquq va manfaatlarini aks ettirish, ularning jamiyat hayotida faolligi va tashabbuskorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash barobarida parlament haqidagi bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Deputatlarning xalq vakili sifatida saylanishgacha bo‘lgan faoliyati, quyi palatadagi faoliyati haqida so‘zlab bergan samimiy suhbatlari yoshlarga katta motivatsiya beradi.
“Ochiq eshiklar” kuni doirasidagi tadbirlarda yoshlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muzeyi, katta majlislar zali hamda kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA