Parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etishda yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda yurtimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning sog‘lom hayot kechirishini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni buning yorqin tasdig‘idir.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tuman (shahar) mahallalarida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish infrastrukturasi shakllantiriladi. Xususan, 9 ming 146 ta mahallada 18 ming 292 ta jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport maydonchasi, 204 ta tuman (shahar)da salomatlik va velosiped yo‘laklari bunyod etiladi.
Majlisda Senat tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish yuzasidan hukumatga parlament so‘rovi yuborilgani qanchalar o‘rinli va dolzarb masala bo‘lgani alohida ta’kidlandi.
Yuborilgan so‘rov Vazirlar Mahkamasining rayosatida muhokama qilingani va tegishli choralar ko‘rilgani haqida ma’lumot berildi.

Hududlarda joylashgan ochiq sport ob’ektlari hamda istirohat bog‘larida aholining yugurish, yurish, badantarbiya va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun 5 ming 447 ta mahallaga 7 ming 905 nafar trener biriktirilgan.
Investitsiya dasturi asosida hozirgacha 68 ta sport inshooti foydalanishga topshirilgan. 2020 yilda 44 ta sport inshootini foydalanishga topshirish yuzasidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur inshootlarning foydalanishga topshirilishi natijasida bir kunda qo‘shimcha 13 ming 493 nafar aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Karantin davrida aholi, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan onlayn sport musobaqalariga 326 mingdan ortiq kishi jalb etilgan. Shuningdek, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda “yashil” hududlarda sportning 42 ta turi bo‘yicha sport tadbirlari hamda badantarbiya mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.
Karantin cheklovlari sababli faoliyat olib bormagan sport to‘garaklarida kelgusida qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazish va bunda ularga qancha yoshlar jalb etilgani, mazkur to‘garaklarning xizmat ko‘rsatish narxi aholi real daromadiga muvofiqligi, kambag‘al oilalar vakillariga sport mashg‘ulotlari uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zA