Parlament nazorati va kriminologik tahlilni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur Memorandumning asosiy maqsadi – parlament nazorati jarayonlarini zamonaviy ilmiy-metodologik yondashuvlar asosida ta’minlash, qonun ijodkorligi sifatini oshirishdan iborat.
Shu bilan birga, hududlardagi jinoyatchilik omillarini chuqur kriminologik tadqiq qilish, jinoyatlar dinamikasini ilmiy prognozlash hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirishdan iborat.
Memorandum doirasida tomonlar jinoyatchilikning sabablari va shart-sharoitlarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, kriminogen vaziyatni baholash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Shuningdek, davlat dasturlari, jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatdan tahlil qilish va ularning ijrosi yuzasidan tizimli monitoring olib borish ko‘zda tutilgan.
Mazkur Memorandum parlament faoliyatini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquqni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA