Parkentda “IT-shaharcha” qurilmoqda
Joriy yil 15-mayda Prezidentimizning “Hududlarda yoshlarga raqamlashtirish va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Shu maqsadda Toshkent viloyati Parkent tumanining Samsarak qishlog‘ida “Villayat Samsarak: CREATIVE ECO IT VILLAGE” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu hududda tashkil etilishi rejalashtirilgan “IT-shaharcha” qurilishiga start berildi.
Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

“Villayat Samsarak” eko qishlog‘i “Villayat” kompaniyalar guruhining tajriba loyihasi bo‘lib, u yashil va ijodiy iqtisodiyot doirasida faoliyat yuritib, Toshkent viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “IT- shaharcha” hududda yoshlar o‘z kasbini topishi, rivojlanishi va atrof-muhit bilan uyg‘unlikda yashash orqali jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishi, ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun noyob makon bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
N.Rahmonova, O‘zA